Bugun 25 noyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Madaniyat va istirohat bog‘lari o‘z nomiga munosibmi?

A A A
Madaniyat va istirohat bog‘lari o‘z nomiga munosibmi?

Ushbu masala Xalqaro press-klubning «Dam olish madaniyati: zamonaviy talablar va yangi dam olish maskanlari» mavzusidagi sessiyasida qizg‘in muhokama qilindi.

Unda poytaxtimizdagi madaniyat va istirohat bog‘lari rahbarlari, mas’ullari, ekspertlar, tegishli vazirlik va idoralar xodimlari ishtirok etdi.

Yozning issiq kunlarida istirohat bog‘lariga boruvchilar har qachongidan ham ko‘p bo‘ladi. Raqamlarga murojaat qilsak, yurtimizda 150 dan ziyod madaniyat va istirohat bog‘lari mavjud. Poytaxtimizning o‘zida 24 ta ana shunday maskan bo‘lib, ularga kuniga o‘rtacha 150 ming odam boradi. Bayram, dam olish kunlari esa dam oluvchilar soni 450-500 mingga yetadi.

– Sharq mamlakatlarida so‘lim bog‘lar, madaniyat maskanlari kurilishiga e’tibor azaldan katta bo‘lgan. Chunki bog‘larda inson nafaqat dam oladi, balki tabiat bilan uyg‘unligini yanada teranroq his qiladi, – deydi madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Oqilova. – Bugungi kunda Sharq va G‘arb davlatlarida istirohat bog‘lari barpo etishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Misol uchun, Moskva parklarini o‘rganganimizda, faqat ko‘ngilochar attraksionlar emas, kutubxona, muzey, restoran, teatrlashgan tomoshalar o‘tkazish joylari mavjudligiga guvoh bo‘ldik. Boshqa mamlakatlar tajribasini ham o‘rganyapmiz. Boisi yurtimizga tashrif buyuradigan sayyohlar tarixiy maskanlarni ko‘rib o‘tmishimizga baho bersa, madaniyat va istirohat maskanlarini ko‘rib bugungi taraqqiyot, madaniyatimizni baholaydi.

– Inson muzqaymoq yeyish yoki o‘yin-kulgi qilish uchungina madaniyat va istirohat bog‘lariga bormasligi kerak, – deydi G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i ma’naviy-ma’rifiy bo‘limi rahbari Abdullaxo‘ja Sulaymonxo‘jayev. – Ular o‘z nomi bilan madaniyat maskani, tarbiya o‘chog‘i bo‘lishi kerak. Bog‘larda qadriyatlarimizni aks ettiradigan tadbirlarni ko‘paytirishimiz lozim. Ularda kitob o‘qish, sport bilan shug‘ullanish, dam olish uchun barcha imkoniyatlar bo‘lishi kerak. Biz bog‘imizga keluvchilar fikrini muntazam o‘rganib boramiz, so‘rovnomalar tashkil qilamiz, tez-tez jonli muloqot qilib turamiz.

Sessiyada poytaxtimizdagi «Ekopark», «Ashxobod», «Do‘stlik» kabi madaniyat va istirohat bog‘lari, saylgohlar rahbarlari bu borada olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.


Manba: uza.uz
Kiritildi: 23:45 25.07.2018. O'qildi: 3975 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik