Armaniston parlamentiga bo‘lib o‘tadigan saylovlar arafasida Belarus rahbari mamlakat fuqarolarini Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish va buning evaziga Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidan (EOII) uzoqlashish masalasida «juda jiddiy o‘ylab ko‘rishga» chaqirdi.
«Ukrainada ham aynan shunday boshlangan edi», — dedi Aleksandr Lukashenko Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan YEOII sammitida.
U Armaniston fuqarolarini «Xudo saqlasin, Ukrainada yuz bergan voqealar takrorlanib qolmasligi uchun juda ehtiyotkor bo‘lishga» chaqirdi.
«Men ularni faqat shu narsaga chaqiryapman. Xalq o‘z fikrini bildiradi, biz esa bu qarorni qabul qilamiz», — dedi Lukashenko.
Uning ta’kidlashicha, Ukrainadagi inqiroz o‘z vaqtida Kiyevning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishga intilishi bilan boshlangan. Hozirda Yerevan ham xuddi shunday maqsadni ko‘zlamoqda.
Shuningdek, o‘sha kuni YEOIIga a’zo davlatlar rahbarlari qo‘shma bayonot bilan chiqib, Armanistondan Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish yoki YEOII a’zoligini saqlab qolish masalasida referendum o‘tkazishni talab qildi.
EOII tarkibiga Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kiradi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa Armaniston YEOII bilan munosabatlarni uzsa, bu iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.