Livan parlamenti 11 avgust kuni o‘lim jazosini bekor qildi. Shunday qilib, mamlakat o‘lim jazosini og‘ir mehnat bilan umrbod qamoq jazosiga almashtirgan arab dunyosidagi birinchi mamlakatga aylandi.
Ushbu mamlakat 2004 yilning yanvar oyidan beri qatllarni amalga oshirmay kelayotgan edi. Bu vaqt davomida o‘nlab o‘lim hukmlari chiqarilgan, biroq keyinchalik ular to‘xtatilgan yoki boshqa jazoga almashtirilgan.
Livan parlamentining 128 nafar a’zosidan ko‘pchiligi o‘lim jazosini bekor qilish uchun ovoz berdi. Faqat “Hizbulloh” parlament fraksiyasi bunga qarshilik bildirdi. Adliya vaziri Odil Nassar buni mamlakat uchun “tarixiy qadam” deb baholadi.
Yangi jazo — og‘irlashtirilgan og‘ir mehnat qanday amalga oshirilishi hozircha noma’lum. Ayrim deputatlarning aytishicha, yangi jazoning shartlari hali aniq emas. Livanda og‘ir mehnat jazosi qonunlarda va sud qarorlarida bor. Lekin moliyaviy muammolar hamda qamoqxonalarning to‘lib ketgani sababli bu jazo ham so‘nggi yillarda kamdan kam qo‘llangan.
O‘lim jazosining bekor qilinishi parlamentda umumiy afv haqidagi bahsli qonun muhokama qilinayotgan bir paytda yuz berdi. Bu 1990 yilda 15 yillik fuqarolar urushi tugaganidan beri eng yirik afv hisoblanadi. Qonun muayyan istisnolardan tashqari, sudlangan jangarilar va giyohvand moddalar sotuvchilarining jazosini yengillashtirishi yoki ularni ozod qilishi mumkin.