Bugun 31 may, 2026 yil, yakshanba

КИР

Livan Isroil siyosatiga nisbatan keskin bayonot berdi

Livan Isroil siyosatiga nisbatan keskin bayonot berdi

Livan hukumati mamlakat janubida keng ko‘lamli vayronagarchilik va gumanitar inqirozga sabab bo‘lgan Isroil tomonidan amalga oshirilayotgan harbiy harakatlarni to‘xtatish lozimligini bildirdi.

Bosh vazir qarorgohi — Seray saroyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Livan Bosh vaziri Navaf Salam Bayrut nafaqat harbiy tajovuzni to‘xtatish, balki Livan hududidan okkupasion kuchlarning to‘liq olib chiqilishiga ham erishish niyatida ekanini ta’kidladi.

«Biz guvoh bo‘lgan voqealar oddiy ekspansiya, chegarani kesib o‘tish yoki bostirib kirishdan ham ko‘ra kengroq mazmunga ega», — dedi siyosatchi.

Uning ta’kidlashicha, Isroil nafaqat mamlakat suverenitetini buzdi, balki to‘liq vayron qilish siyosati olib bormoqda.

Hukumat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat janubidagi o‘nlab qishloqlar va shahar mahallalari yer bilan yakson qilingan. Shuningdek, shifoxonalar, maktablar, yo‘llar hamda suv ta’minoti tizimlari kabi fuqarolik infratuzilmasi ob’ektlari ataylab ishdan chiqarilmoqda. Bu esa tinch aholiga nisbatan jamoaviy jazo chorasi sifatida baholanmoqda.

Navaf Salam Livan Isroil tomoni bilan ikki tomonlama muzokaralarni to‘xtatish niyatida emasligini ham tasdiqladi. Muloqotlarning to‘rtinchi bosqichi 2–3 iyun kunlari Vashington shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, Bayrut fikricha, mazkur maslahatlashuvlar o‘t ochishni to‘xtatishga erishishning yagona diplomatik yo‘li hisoblanadi.

«Ha, muzokaralar hozircha muvaffaqiyatni kafolatlamaydi, ammo bu taslim bo‘lish degani emas», — dedi bosh vazir.

Uning qayd etishicha, «eng muhimi, urush va tinchlikka oid qarorlar endi Livan davlatining o‘z qo‘lida».

Navaf Salam mojaroning kengroq geosiyosiy jihatlariga ham to‘xtalib, Livan hududi endi mintaqaviy davlatlar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar maydoniga aylanmasligini bildirdi. Bu bayonot, avvalo, «Hizbulloh» harakatini qo‘llab-quvvatlayotgan Eronga, shuningdek boshqa tashqi kuchlarga ham qaratilgan ishora sifatida baholanmoqda. Bayrut mamlakatni vositachilik urushlari maydoniga aylantirmasdan, mustaqil va suveren siyosat yuritish niyatida ekanini ma’lum qildi.

«Biz boshqalarning kelishmovchiliklari uchun to‘lov qilishdan charchadik», — dedi bosh vazir.

Shu bilan birga, u hukumat o‘t ochishni to‘xtatish maqsadida Isroilga bosim o‘tkazishda xalqaro hamjamiyat, jumladan arab davlatlari va Yevropa mamlakatlari ko‘magiga umid qilayotganini ta’kidladi.

Kiritildi: 22:17 30.05.2026. O'qildi: 316 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!