Livan hukumati 9 aprelni milliy motam kuni deb e’lon qildi.
Tegishli farmonni Livan Bosh vaziri Navaf Salom imzolagan.
Hujjatga ko‘ra, 9 aprel Isroil hujumlarida halok bo‘lganlar xotirasiga milliy motam kuni deb e’lon qilingan.
Avvalroq Fuqarolik mudofaasi boshqarmasi AQSh va Eron o‘rtasidagi sulhdan so‘ng Isroilning Livanga hujumlarida 254 kishi halok bo‘lganini xabar qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Eron, AQSh va ularning ittifoqchilari 2026 yil 8 aprel kechasi ikki haftalik sulhga kelishib olishgan edi. Eron o‘z navbatida, bu davrda Eron qurolli kuchlari bilan muvofiqlashtirilgan va texnik cheklovlarga rioya qilingan holda Hormuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz o‘tish ta’minlanishini ma’lum qildi.
Isroil, amaldagi sulh Livanga taalluqli emasligini aytib, ushbu mamlakatga qarshi hujumlar boshladi. Keyinchalik Eron parlamenti raisi Muhammad Bag‘ir G‘olibaf Livanda sulh rejaning birinchi sharti ekanligini aytdi.