Latviya hududiga Rossiya tomondan ikkita dron uchib kirganidan so‘ng bu qaror qabul qilingan bo‘lishi mumkin.
"Latviya armiyasini siyosiy kampaniyaga tortilishidan himoya qilish uchun mudofaa vaziri lavozimidan ketishga qaror qildim", — dedi Spruds.
Vazirning qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi haftalarda Latviya dronlar ishtirokidagi jiddiy hodisalarga duch kelgan. U begona dronlar aholi xavfsizligiga tahdid solmasligi kerakligini ta’kidlab, mudofaa sohasi mamlakat havo hududini himoya qilish va fuqarolarning xavfsizlik hissini ta’minlash uchun ko‘p ishlar qilganini va buni davom ettirishini bildirdi.
Andris Spruds amalga oshirilgan ishlarga ishonchi qolmagani uchun emas, balki qurolli kuchlar va davlatning mudofaa qobiliyati har qanday vazirlik lavozimi va har qanday partiya manfaatlaridan ustun bo‘lgani uchun ketayotganini ma’lum qildi.
Latviya bosh vaziri Evika Silinya Spruds uning va jamoatchilikning ishonchini yo‘qotganini yozdi. "Men uning iste’fosini talab qilishga qaror qildim. Kelgusida mudofaa sohasiga professional mutaxassis rahbarlik qilishi kerak", — dedi bosh vazir.
Avvalroq, Latviyada Rossiyadan uchib o‘tgan ikkita dron qulab tushgani, ulardan biri neft omboriga zarar yetkazgani ma’lum bo‘lgandi.