Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

"Ko‘zingga ko‘rsataman": IIB rahbarlari fermerning otasini nega urdi?

"Ko‘zingga ko‘rsataman": IIB rahbarlari fermerning otasini nega urdi?

«Belimga qo‘li bilan urdimi, oyog‘i bilan tepdimi, bilmay qoldim, boshim bilan mashina ichiga kirib ketdim...»

2019 yil 1 iyul kuni Kun.uz saytiga shoshilinch murojaat kelib tushdi. Unda, Jizzax viloyati Arnasoy tumani IIB rahbar xodimlari g‘alla o‘rimini nazorat qilish chog‘ida fermerlardan birining otasini urgani, jabrdiyda tuman Markaziy shifoxonasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida ekani xabar qilingan edi.

Murojaat kechiktirib bo‘lmas mazmunga ega bo‘lganlikdan, Sirdaryo viloyatida mehnat safarida bo‘lib turgan Kun.uz vakillari Jizzax viloyatining Arnasoy tumaniga yo‘naltirildi.

Kun.uz muxbirlari 1 iyul kuni 18-00 atrofida Arnasoy tumani Markaziy shifoxona shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga yetib keldi hamda jabrlanuvchining o‘g‘li Ahmedov Dilshod bilan uchrashdi.

So‘ngra, shifoxona Shoshilinch bo‘lim boshlig‘i Temur Nazarov jabrlanuvchining ahvoli bilan tanishtirdi.

«Ma’lum bo‘lishicha, bemor yuqori gipertonik qon bosimida yuradi. Avval mikroinfarktni ham boshdan kechirgan. Qolaversa, 2-darajali qandli diabet bilan ham xastalangan. Bu yerga keltirilganda qon bosimi 220-120 nisbatda baland bo‘lganligi uchun tezkorlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida jonlantirish xonasiga kiritdik. Kerakli muolajalar ko‘rsatdik», - deydi Temur Nazarov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bemor bel sohasida kuchli og‘riqdan shikoyat qilgan. Ammo, rentgen qurilmasi yo‘qligi sababli uni Jizzax shahriga yoki Do‘stlik tuman markaziga olib borish talab etiladi. Ammo, kuchli qon bosimida bo‘lgani hamda asabi buzilgani bois, uni ortiqcha harakatlantirish mumkin emas edi.

Biz shoshilinch yordam bo‘limi boshlig‘ining ruxsati bilan Ahmedov Mamatquldan bo‘lgan voqealarni so‘zlab berishni so‘radik. Uning aytishicha, Jizzax shahrida ishlaydigan o‘g‘li Dilshod unga qo‘ng‘iroq qilib, tuman hokimi uni post GAIda kutib turganini bildirgan. Tuman hokimi unga Arnasoy hosiliga hissa qo‘shishni, bir ilojini qilishi aytadi.

Tuman IIB boshlig‘i “GAI” (YHXB) boshlig‘iga “Kamaz” topib kelishni aytar ekan, Mamatqul aka dalaga birga borishni bildiradi. Biroq, kun issiq bo‘lganidan, yuqori qon bosimi bo‘lgan, qolaversa, bir karra mikroinfarktni boshdan kechirgan va 2-tip qandli diabet bilan xasta Mamatqul aka mazasi yo‘qligi sababli dalaga bora olmasligini bildiradi. IIB boshlig‘i o‘rinbosari Misayev Akrom va serjant yordamchisi fermerning otasini dalaga majburlab oborish uchun uni o‘zlarining mashinalariga mindirishga urinishadi.

«IIB boshlig‘i o‘rinbosari Akrom Misayev kelib, nega bormayman, deyapsiz, deb so‘radi. Sog‘liqning mazasi yo‘q, borolmayman, dedim. Dalaga borib, borini o‘rib ketaveringlar, dedim. Shunda, u menga nega to‘g‘ri gapirmayapsiz, dedi. Men yana qanday to‘g‘ri gapiray, dedim. Qisqasi, shu yerda ikkimiz sen-menga bordik. So‘kishdik-qirilishdik.

Misayev, men sening ko‘zingga ko‘rsataman, borasan, dedi. Men yana bormayman, dedim. Serjant ikkovi nariroqda turgan mashinaga sudradi. Men bo‘pti, aytgan joyingga piyoda boraman, lekin mashinangga minmayman, deb, mashinaga qo‘lim bilan tiranib turdim. Shu orada, belimga qo‘li bilan urdimi, oyog‘i bilan tepdimi, bilmay qoldim, boshim bilan mashina ichiga kirib ketdim. Boshim oyoq turadigan joyda. Shunday qotib qoldim, chunki qattiq og‘riq berdi. Baraka topkur, balnisaga hayda, keyin gaplashasan, men bilan, qamasang-qamarsan, jonimni olmaysan-ku, dedim», - deya bo‘lgan voqea hodisalarni jabrlanuvchi sifatida so‘zlab berdi Ahmedov Mamatqul.

Uning so‘zlariga ko‘ra, IIB boshliq o‘rinbosari Misayev, senga balnisani ko‘rsataman, deb post GAIga, IIB boshlig‘i oldiga olib borgan. Bu yerda, IIB boshlig‘i Yoqub Akaboyev holatga xolis yondashish o‘rniga, e oqsoqol, turing, nega shantaj qilyapsiz, deya, Ahmedovni o‘rnidan turishga buyurgan. Jabrlanuvchiga ko‘ra, Misayev, bunaqa shantajchilarning ellikta-mingtasini ko‘rganmiz, deya ta’kidlagan.

Jabrlanuvchi tez tibbiy mashinasida tuman shifoxonasiga keltirilganda, IIB boshlig‘i, o‘g‘lini ishdan haydatmasam, bo‘lmaydi buning, nomerini topinglar tez, deb buyruq bergan va shifoxona xodimlariga, bu shantaj, akt tuzib beraslar, shantaj deb, deya ko‘rsatma bergan.

Biz ushbu bo‘lib o‘tgan voqea qanday bo‘lganini IIB boshlig‘i Yoqub Akaboyev hamda o‘rinbosari Akrom Misayev fikrlarini tinglash uchun Arnasoy tumani IIBga bordik. Ammo, boshliqning tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Diyor Egamberdiyevning bildirishicha, ular g‘alla o‘rimida hududlarda bo‘lgani sababli, IBB rahbarlari bilan uchrasha olmadik. Kapitan Diyor Egamberdiyevning ma’lum qilishicha, 102 raqamiga kelib tushgan ma’lumot hududiy tegishliligiga ko‘ra uchastka noziriga taqdim etilgan. Uchastka noziri Begzod Yo‘ldoshev jabrlanuvchidan va mazkur voqeaning boshqa ishtirokchilaridan kerakli ma’lumotlarni olib, №921 raqamli xat bilan ishni tuman prokuraturasi ixtiyoriga o‘tkazgan.

Shu o‘rinda, fermer xo‘jaligi xususida ikki og‘iz. Ahmedov Mamatqulning uchinchi o‘g‘li Ahmedov Farxod nomidagi «Ahmedov Farxod chorvasi” fermer xo‘jaligi chorvachilikka ixtisoslashgan bo‘lib, unda bugungi kunda 30 bosh qoramol va 100dan ortiq qo‘y-qo‘zi bor. Ixtiyorida 16 gektar yerdan, 4 gektariga beda ekilgan, qolganiga arpa qadalgan. Ob-havoning noqulay kelgani bois, arpalar yotib qolgani, ko‘zlangan hosil imkonini ham bermagan.

Garchi chorvachilik fermer xo‘jaliklari bilan don topshirish bo‘yicha shartnoma qilinishi qonunchilikka zid bo‘lsa-da, «Do‘stlik don mahsulotlari» AJ bilan 2018 yil 15 sentyabrda va 2019 yil 9 fevralida davlat ehtiyojlari uchun boshoqli don xarid qilish bo‘yicha kontraktasiya shartnomalari tuzilgan.

O‘ylaymizki, tuman prokuraturasi Arnasoy tumani IIB tomonidan 2019 yil 1 iyul kuni №921 son bilan ro‘yxatga olingan ishlar yuzasidan xolis tekshiruvlar olib boradi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi ham bu borada xizmat tekshiruvi o‘tkazib, natijasi bilan OAVlarini xabardor qiladi. 

Kiritildi: 18:50 02.07.2019. O'qildi: 3648 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!