O‘zbekistonda har qanday huquqbuzarliklarga qarshi murosasiz kurashish, jinoyatlarning barvaqt oldini olish masalalariga dolzarb ahamiyat berilmoqda. Biroq faoliyat yuritayotgan ko‘ngilochar maskanlarda, ayniqsa tungi klub va shunga o‘xshash boshqa muassasalarda jinoyatlar sodir etilishi endigina shakllanayotgan inson shaxsiga, ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi, deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Xayrulla Hikmatov.
Xususan, 2017 yilda Yunusobod tumanidagi holat joyiga chiqib o‘rganilganida ko‘ngilochar maskanlarda nazoratni kuchaytirish, tungi reydlarni tashkil etish borasidagi ishlar samarali tashkil etilmaganligi aniqlangan. Xizmat ko‘rsatish qoidalarini muntazam buzayotgan va aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan mahalla hududidagi «Layk-bar», «Tet-a-Tet» va «Chikago» tungi klublariga nisbatan qonunda ko‘zda tutilgan choralar ko‘rilmagan.
Vaholanki, ana shu klublarning ba’zida qonunga zid faoliyati oqibatida ular yaqinida bezorilik, tan jarohati yetkazish, nomusga tegish kabi jinoyatlar sodir bo‘lgan.
Misol uchun, 2017 yilning 2 avgust kuni soat 04:30 da Ribalko va Qodirov o‘zaro jinoiy til biriktirib, «Layk-bar» tungi klubi yaqinida fuqaro Abdujamilovga tan jarohati yetkazgan. Aynan shu hududda 2 ta nomusga tegish jinoyati sodir etilgani, oqibatda voyaga yetmagan kollej o‘quvchisi bu jinoyatlardan birining jabrdiydasiga aylangani tashvishli holdir. Eng achinarlisi, shu hududda 2017 yilda 7 ta fohishaxona saqlash va qo‘shmachilik jinoyati fosh etilgan.
Yaqinda Yunusobod tumanidagi Aurum-898 tungi klubida ushbu klubning norasmiy qo‘riqchilari Qilichev, Komoliddinov, Yorqulov, Hamrayevlar bilan mijoz, erkin kurashchi, xalqaro toifadagi sport ustasi Jamshid Kenjayev o‘rtasida kelib chiqqan janjal oqibatida, pichoqbozlik yuz berib, Kenjayev vafot etdi, ikki nafar shaxs tan jarohati oldi. Natijada mazkur voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi.
Shu maqsadda Oliy Majlis palatalari kengashlarining yaqinda bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan qo‘shma majlisida joriy yilning yetti oyi davomida jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish faoliyatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va galdagi vazifalar ko‘rib chiqildi hamda parlament palatalarining «Mamlakatda jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurash holati to‘g‘risida»gi qo‘shma qarori qabul qilindi.
Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga chakana savdo ob’ektlarida alkogolli mahsulotlar sotish vaqtini soat 20:00 gacha etib belgilash hamda umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar ob’ektlarning (bouling, sauna, diskoteka va boshqalar) faoliyatini soat 23:00 dan keyin to‘xtatish masalasini ko‘rib chiqish vazifasi yuklatildi.
Bir qator mutasaddi vazirliklar, davlat va nodavlat tashkilotlar zimmasiga esa ko‘plab jinoyat sodir etilgan tumanda (shaharda) sohaga oid ishlarni namunaviy tashkil qilish va ushbu amaliyotni barcha hududlarda ommalashtirish choralarini ko‘rish topshirildi.
Tergov va sud organlaridan yashiringan shaxslarga nisbatan faqatgina qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash bo‘yicha qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida qonun loyihasini ishlab chiqish ham Vazirlar Mahkamasiga topshirilgan.
Manba: daryo.uz