Kuba hukumati iqtisodiyotni barqarorlashtirish va Kuba pesosining almashinuvini tiklash maqsadida xorijiy valyutaning erkin muomalaga chiqarilishiga ruxsat berishga qaror qildi, deb xabar beradi AZERTADJ.
Hozirda Kubada dollarning rasmiy qat’iy kursi yuridik shaxslar uchun 24 peso, jismoniy shaxslar uchun esa banklarda naqd pul almashtirishda 120 peso etib belgilangan. Biroq, 18 dekabrdan boshlab Kuba Markaziy banki har kuni xorijiy valyutaga talab va taklif asosida erkin kursni e’lon qiladi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu qaror rasmiy kurs va bozordagi real qiymat o‘rtasidagi sezilarli farq tufayli qabul qilingan. Bu farq mamlakatda xorijiy valyutaning yetishmasligidan dalolat beradi. Hozirda dollarning "qora bozor" kursi 400 pesodan oshdi.
Hukumat vakillarining so‘zlariga ko‘ra, joriy etilayotgan chora-tadbirlarning asosiy maqsadi valyuta bozoriga xorijiy valyutaning kirib kelishini rag‘batlantirishdir. Bu, o‘z navbatida, bozorni moliyalashtirishni ta’minlaydi va norasmiy valyuta muomalasi ulushini kamaytiradi.