Kosovo prezidenti Vyosa Osmani mamlakatining NATOga a’zo bo‘lish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solganini ma’lum qildi, deb xabar beradi Anadolu.
“Endi navbat NATOda – u o‘z eshiklarini Kosovo kabi hamkorlar uchun ochishi kerak. Kosovo allaqachon umumiy qadriyatlarimizni himoya qilish va global xavfsizlikka hissa qo‘shish bo‘yicha o‘z ulushini qo‘shib kelmoqda”, – dedi Osmani.
AQShning Deyton shahrida bo‘lib o‘tgan NATO Parlament assambleyasi yig‘ilishidagi nutqida Vyosa Osmani jahon tartibi hozirgi nizolar ta’sirida qayta shakllanayotganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi urush tinchlik hech qachon kafolatlanmasligini yana bir bor eslatdi:
“Birdamlik o‘zi-o‘zidan saqlanib qolmaydi. Biz bu alyansni zamonamizning murakkab tahdidlariga strategik va samarali javob bera oladigan kuchga qanday aylantiramiz?”
Prezident Kosovo milliy mahsulotining 2 foizini mudofaa sohasiga ajratayotganini ta’kidladi:
“Yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni ikki baravar oshirish niyatimiz bor. Chunki murakkab sharoitda qo‘lga kiritilgan tinchlikni himoya qilish – bizning eng muhim vazifalarimizdan biri. Endi NATOning vazifasi – Kosovo kabi ko‘pdan beri umumiy xavfsizlik uchun hissa qo‘shayotgan hamkorlarga eshik ochishdir”, – deya qo‘shimcha qildi u.