“Upl.uz” saytining xabar berishicha, Qashqadaryo viloyati Koson tumanida tadbirkor ayol tuman hokimi Baxtiyor Rajabov tomonidan kaltaklangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Fazilat Normurodova arizasining natijasini bilish uchun hokim qabuliga kelgan.
“Hokim meni ko‘rishi bilan jahllanib ketdi. Meni ig‘vogar va portalga shikoyat qiladigan tuhmatchi deya haqoratladi. Men esa portalning vazifasi muammolarni hal qilish ekanligini aytib, xonadan chiqdim, ortimdan hokim ham chiqdi. Unga endi nima qilishim kerakligini aytganimda menga tashlanib qoldi. Bir qo‘li bilan bo‘g‘ib, ikkinchi qo‘li bilan kaltaklay boshladi. Odamlar bizni ayirib olishdi”, dedi ayol.
Voqeadan keyin Fazilat Normurodova kasalxonaga tushgan. Unga miya chayqalishi tashxisi qo‘yilgan. Ayol hokim ustidan prokuraturaga shikoyat qilgan. Hokim esa telefon orqali suhbatda ayni damda ishlari bilan ovoraligi, ayol kishiga qo‘l ko‘tarish odati yo‘qligini ta’kidlagan. Prokuratura vaziyatni o‘rganmoqda.