Amerika yetakchisi Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar vaksinasi bor-yo‘qligidan qat’i nazar, koronavirus infeksiyasidan xalos bo‘lish mumkin degan fikrni bildirdi, deb xabar beradi RIA Novosti.
"Odamlar emlashlarsiz, vaksinalarsiz virusdan tezroq qutulishadi", — dedi u COVID-19 epidemiyasining tugashi haqida gapirarkan.
Ta’kidlanishicha, Tramp Shimoliy Karolinadagi tarafdorlari oldida qilgan nutqida shunday bayonot bergan.
Bundan tashqari, AQSh prezidenti hozirda amerikalik olimlar vaksina sinovlarining yakuniy bosqichini o‘tkazayotganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, preparat "yil oxirigacha yoki undan oldinroq paydo bo‘lishi mumkin".
Avvalroq, AQShda ishlab chiqilayotgan COVID-19 uchun vaksinalar 2020 yil noyabrgacha ro‘yxatdan o‘tmasligi ma’lum bo‘ldi. Bu keng ko‘lamli klinik tadqiqotlar o‘tkazish zarurati bilan bog‘liqligi aniqlandi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, AQShda koronavirus holatlari soni 5,7 milliondan oshdi, 177 ming kishi vafot etdi.