Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Koronavirus o‘zi bormi?

Koronavirus o‘zi bormi?

G‘ayriixtiyoriy tarzda shunday shart-sharoit va turmush tarziga o‘tdikki, endi      insoniyat buguni va yaqin kelajagi uchun boshqatdan rejalar tuzishi kerakdek tuyulmoqda. Odatiy chegaralar: nima mumkin, nima mumkin emasligi haqida. Sayr qilish, sayohat qilish, xizmat safariga chiqish, mehmonga borish, bayram uyushtirish — bularning bari uchun endi boshqacharoq tartiblar zarur. Xuddi shuningdek, butun dunyo miqyosida xalqaro munosabatlar, xalqaro aviareyslar, iqtisodiy, siyosiy va boshqa munosabatlar uchun ham yangi normalar vujudga kela boshlaydi.

Taxminiy ehtimollarga ko‘ra, yaqin o‘tmishda insoniyat birinchi marta dunyo miqyosida globallashgan ofatga duch kelmoqda. Birinchi marta butun dunyoning e’tibori bir narsaga qaratilayapti. Bir mavzu dunyo axborot oqimini yetaklab ketayapti.

Hozirda dunyoning 188 davlatida koronavirus bor. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, bugungacha butun dunyo bo‘ylab 11 million 700 dan ortiq odamlar koronavirus bilan zararlandi. 540 mingdan ko‘proq aholi shu kasallik sabab vafot etdi. Kasallikdan sog‘ayganlar 6 million 700 dan ortiqroq ekanligi biroz taskin bersa-da, jahon uzra o‘latdek tarqalgan virus har bir bosilgan qadam tiriklik yo hayot masalasini hal etishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Bundan chamasi 5-6 oylar avval — Covid-19 infeksiyasining tarqalishi dunyo davlatlariga xavf sola boshlagan vaqtda hammamizni ko‘rinmas bir qo‘rquv iskanjaga olgandi. Virus mamlakatlar bo‘ylab shiddat bilan tarqala boshladi. Hammamizning ko‘nglimizdan “bizga yetib kelmasin”, degan o‘tinchli o‘y o‘tdi. Vaqt o‘tib, O‘zbekistonda ham koronavirus aniqlandi. Vahimalarni boricha, karantinni esa o‘z holimizcha boshdan kechirdik…

Bugun esa koronavirusga bo‘lgan qo‘rquv anchayin yo‘qolgandek. Mamlakatimizda kasallik aniqlanayotganlar soni har kuni 200 va 300 nafardan oshayotgan bo‘lsa ham (karantinning dastlabki kunlarida 100 nafardan oshmagandi), o‘lim soni nisbatan ortgan bo‘lsa ham, aholi orasidan kasallik aniqlanayotgan bo‘lsa ham. Xotirjamlikka berilganimiz bir tarafdan behuda vahimalarga berilmaslik, ishimizda, yo‘limizda, turmush tarzimizda davom etish uchun yaxshidek. Boshqa tomondan esa yana avvalgidek odatiy yo‘lda davom etishimiz to‘g‘rimi?

“Koronavirus bormi o‘zi? Birorta tanishimizda aniqlanganini eshitmadik-ku? Bu butun dunyoda olib borilayotgan qandaydir o‘yin bo‘lsa kerak. Pnevmaniya tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilayotgan bemorlar o‘ylab topilgan virus qo‘lida qurol bo‘layapti…”. Shunday o‘ylayapmiz. Istar-istamay shu fikrga ham borib ko‘rayapmiz. Ammo bu mubham tushunchaga tayanish uchun aniq faktlar yo‘q. Dunyoda millionlab odamlarning shu kasallik tufayli aziyat chekayotgani, qirilib ketayotgani, yon qo‘shnilarimizda vaziyat keskinlashayotgani bu — fakt. Qozog‘istonda oxirgi 10 kunda kuniga o‘rtacha 1500 kishida infeksiya aniqlanayapti. Shu kunga qadar 188 kishi vafot etdi. Kichkina bir tumanning o‘zida 30-37 nafargacha o‘lim holati kuzatildi. Qirg‘izistonda 5 iyul holatiga kasallanish 7400 ta yetdi, vafot etganlar soni 88 nafar.

Yana shu ham fakt — dunyoda, Qozog‘istonda, O‘zbekistonda bo‘lsin, bu raqamlar hozircha kamaymaydi, to‘xtab qolmaydi, ortishda davom etaveradi. Shunga tayyormizmi? Tibbiyot muassasalari o‘z ishini amallayapti harholda, infeksiya yuqtirganlarning katta qismi kasalxonalardan sog‘ayib chiqayapti. Endi esa kasallik yuqtirganlarning hammasiga davlat tibbiyot muassasalari mas’ul emas. Koronavirusning yengil formasidagilar uyda o‘zlari davolanishi kerak. Tibbiy madaniyatimiz yetarlicha bo‘lmagan sharoitda bu odamni xavotirga soladi. Qo‘shnilarimizda kasalxonalarda joy muammosi, tez tibbiy yordam xizmatining ulgurmaslik holatlari va tibbiyot xodimlarining yetishmasligi kuzatilayapti. Bu bizda bo‘lmasligiga esa ishonch yo‘q.

Shunday sharoitda niqoblarni engagimizga tushirib, ba’zan taqib ba’zan taqmay, sayrga yo chiqindi to‘kishga chiqqanda unutib, o‘zimiz niqob bilan, bolamiz niqobsiz yuribmiz.

Qayerda karantin kuchaytirilmagan bo‘lsa o‘sha joyda koronavirus ko‘paydi

Dunyo bo‘ylab infeksiya tarqalishining dastlabki bosqichlarida Yevropa davlatlari va Amerikada karantin yetarlicha tan olinmadi. Hukumatning e’tibori kuchaygan paytda ham aholi karantin qoidalariga bo‘ysunmadi. Buni demokratiyaga zid deb baholashdi. Aslida jamiyatning a’zosi sifatida jamiyatning boshqa vakillariga xavf tug‘dirish ehtimoli bo‘lgani holda ma’lum tartib-qoidalarga bo‘ysunmaslikning o‘zi ham demokratiya tushunchalariga ziddir. Oqibatda Yevropada va Amerikada koronavirus jabrdiydalarining soni qanchalik oshib ketganligi hammamizga ma’lum. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, AQShda 2 million 800 dan ortiq aholi vakillari koronavirus bilan zararlangan.

Qozog‘istonda 5 iyuldangina 14 kunlik karantin cheklov choralari joriy etildi. Bungacha ommaviy tadbirlar, odamlarning 3 kishidan ortiq to‘planishi borasida, go‘zallik salonlari, yopiq bozorlar, diniy muassasalar, maktabgacha ta’lim muassasalari, savdo markazlari faoliyatida kuchaytirilgan cheklov yo‘q edi. Bugunga kelib Yevropada kasallik kamayganiga qaramay niqob taqmaganlarga va masofa saqlab, sanitariya qoidalariga rioya etmaganlarga katta miqdorda jarima qo‘llanilayapti. Berlinda 1,5 metrgacha minimal masofani buzganlik uchun 25 dan 500 yevrogacha jarima solinishi mumkin, biznesda sanitariya me’yorlariga rioya qilmaganlik uchun 10 ming yevrogacha jarimaga tortiladi. Brandenburg shtatida ommaviy tadbirlarga qo‘yilagn taqiqqa rioya qilmagan har bir ishtirokchiga 50 dan 500 yevrogacha, tashkilotchi esa 500 dan 2500 yevrogacha jarimaga tortiladi. Fransiyada niqob  taqmagan qoidabuzarlarga 135 yevro jarima solinadi. Infeksiya aniqlanishi kamaysa-da, cheklovlarning saqlanib qolgani sanitariya qoidalariga amal qilish ko‘pgina shaharlarda ijobiy samara berganligidadir.

Pandemiya qachon tugaydi?

Bu infeksiyaning qachondir hayotimizdan umuman yo‘q bo‘lib ketishi bilan bog‘liq aniq fraza yo‘q. Shu paytgacha hech qanday prognozlar koronavirus bizni butkul tark etishi mumkin bo‘lgan davrni aniqlab berolmadi. Rossiyalik virusolog olim, tibbiyot fanlari doktori Anatoliy Altshteyn bu davr bir yildan uch yilgacha yoki undan ham ko‘proqqa cho‘zilishi mumkinligini taxmin qildi. Amerikalik mashhur doktor Mehmet O‘z esa koronavirusdan qocha olmasligimizni pandemiya boshlanish davridayoq aytgan edi. Yaqinda ham uning facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida aynan gripp virusi bilan bo‘lgani kabi, kelgusi yillarda bu virus bilan yashashni o‘rganishimiz haqida yozdi. Bora-bora virus mutasiyaga uchrashi va zararlagan odamini o‘limga olib bormasligi haqida bildirilgan ilmiy fikrlarni o‘qidik. Ammo virusning mutasiyaga kirishadigan davrigacha ham hali vaqt bor. Bizdan birgina so‘ralayotgani esa o‘zimizni asrash. Olimlar aytganidek, imkon qadar virusni kechroq yuqtirishga harakat qilish kerak. Shunda hech bo‘lmaganda uning zararli davridan o‘tib, mutasiya davriga yo‘liqamiz.

Tanishimizda kasallik uchramayotgani virus yo‘q, degani emas. Karantin, jarimalar, jinoiy javobgarlik… hatto bular ham qo‘rqita olmaydigan qoidabuzarlar uchun esa alohida tartib o‘ylab topishga to‘g‘ri kelar, balki. Ma’naviyati, dunyoqarashi, hissiyotiga ta’sir qiladigan darajada.

Madhiya AVAZOVA,

jurnalist

Kiritildi: 04:00 12.07.2020. O'qildi: 9291 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!