Toshkentdagi TESTO by Zamira&Co restorani koronavirus sabab mamlakatdagi o‘rta biznesning ahvolini ifoda etish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarga menyu peshlavhasining rasmini joylashtirdi. Peshlavhaga yozilgan «Directed by Robert B.Weide» jumlasiga ushbu memga sababchi bo‘lgan rejissyorning o‘zi Twitter’dagi sahifasi orqali javob qaytardi. Bu haqda "Daryo" xabar berdi.

Twitter’dagi sahifasiga «Tez ovqatlanadigan restoranlardan birining qarshisidagi menyu. Toshkent, O‘zbekiston. Jerri Lyuis Fransiyada, Devid Xasselxoff Germaniyada mashhur bo‘lgani kabi, men ham O‘zbekistonda taniqliman shekilli», — deya yozib qoldirgan.

O‘z navbatida restoran ham ushbu postga javob qaytarib, «Noto‘g‘ri tayyorlangan taomlarni ‘Robert B.Weide’ning maxsus menyusi’ deb nomlash biz uchun sharaf bo‘lardi», — deya izoh qoldirgan.

Restoranning Facebook’dagi sahifasiga joylangan rasm ostiga esa rejissyor quyiga fikrni bildirgan: «Mehmonga borsam, tekin buterbrod berasizlarmi?». Restoran bunga ham javob qaytargan: «Agarda kelsangiz, o‘xshamay qolgan ovqatlarga sizning nomingizni beramiz».

Aksariyat hollarda internetda noqulay yoki o‘xshamagan vaziyat aks etgan videolar oxirida «Directed by Robert B. Weide» degan yozuv chiqadi.

Ko‘plab memlarning tug‘ilishiga sabab bo‘lgan bu qora ekran «Shijoatingizni jilovlang» (Curb your enthusiasm) serialidan olingan. «Shijoatingizni jilovlang» seriali HBO tomonidan 2000 yillardan suratga olingan va 17 yil davomida 9 mavsumi efirga uzatilgan. Bu serialning mashhurligi, ijodkor Larri Devidning qiyofasi bilan bog‘liq.

«Shijoatingizni jilovlang» komediyasi bema’ni va noqulay vaziyatlarni ustiga qurilgan. Ko‘pincha bunday be’mani sahnalar o‘ziga xos kulgili musiqa va titrli ekran bilan tugagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, «Shijoatingizni jilovlang» komediyasidagi musiqa va qora fon birinchi marta 2015 yilda ishlatilgan. Las-Vegasda «Koinot go‘zali» tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tadi. Finalga kolumbiyalik Ariadna Gutiyerrez va filippinlik Pia Alonzo Vurtzbach chiqqan. Tanlov boshlovchisi g‘olib ismini e’lon qilib, mukofotni kolumbiyalik qizga topshiradi va boshiga toj kiydiradi. Ammo bir necha daqiqadan so‘ng, boshlovchi uzr so‘rab, adashib ketganini aytadi. U kolumbiyalik ayolning tojini yechib, filippinlikka uzatadi. YouTube tomoshabinlari bu holatni «Directed by Robert B. Weide» jumlasi bilan yakunlashni ma’qul ko‘radi.