Kolumbiya prezidenti Abelardo de la Esprielya mamlakatda sodir bo‘lgan 7,4 magnitudali kuchli zilziladan so‘ng umummilliy favqulodda holat e’lon qildi. U bu haqda 10 avgust kuni, prezidentlik lavozimiga kirishganidan uch kun o‘tib ma’lum qildi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, tabiiy ofat oqibatlariga qarshi kurashish uchun mamlakatdagi barcha institusional resurslar safarbar etiladi.
«Birinchi navbatda vayronalar ostida qolgan odamlarni qutqarish kerak», — deya prezident so‘zlarini keltirgan dpa agentligi.
Kolumbiya mintaqaviy markazlari assosiasiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila oqibatida kamida 132 kishi halok bo‘lgan, yana 570 kishi turli darajada jarohatlangan.
Tabiiy ofat bir qator shaharlarda katta vayronagarchiliklarga sabab bo‘ldi. Jumladan, Pereyra, Kali va Manisales shaharlarida 1500 dan ortiq turar joy jiddiy zarar ko‘rgan.
Taxminan 60 ta bino to‘liq qulab tushgan. Shuningdek, 18 ta shifoxona va 52 ta maktab binosiga zarar yetgan. Qutqaruv ishlari davom etayotgani bois qurbonlar soni yana ortishi mumkinligidan xavotir bildirilmoqda.
Kolumbiya geologiya xizmati mazkur zilzilani XXI asrda mamlakat hududida qayd etilgan eng kuchli zilzila deb atagan.