Kolumbiya qutqaruv xizmatlari Satena aviakompaniyasiga tegishli samolyot bortida 15 kishi bo‘lgan halokat joyini aniqladi.
Noticias Caracol telekanalining xabar berishicha, Shimoliy Santander departamentidagi halokatda hech kim tirik qolmagan.
Beechcraft 1900D samolyotining qoldiqlari La-Playya-de-Belen munisipalitetining tog‘li hududida topilgan. Bortda 15 kishi bo‘lgan: 13 yo‘lovchi va ikki ekipaj a’zosi.
Halak bo‘lganlar orasida Kolumbiya Vakillar palatasi a’zosi Diogenes Kintero va nomzod Karlos Salsedo ham borligi aytilmoqda. Bortda shuningdek, Okana shahar kengashining sobiq a’zosi Xuan David Pacheso va uning rafiqasi ham bo‘lgan.
Kukutadan Okanaga yo‘l olgan samolyot chorshanba kuni radarlardan g‘oyib bo‘ldi. Katatumbo hududidagi qidiruv operasiyasi qiyin relyef va noqulay ob-havo sharoitlari tufayli murakkablashdi.