Kobulda bolalar uchun mo‘ljallangan “g‘ildirakli kutubxona” paydo bo‘ldi, deya xabar bermoqda France-Presse agentligi.
Davlat transport kompaniyadan ijaraga olingan ko‘k avtobus bolalarning kitob o‘qishi, shaxmat o‘ynashi va o‘rtoqlari bilan muloqot qilishi uchun ajoyib joyga aylandi. Oddiy kutubxonadan farqli ravishda bu yerda jimlikka rioya qilish shart emas. Qizlar avtobusning old qismida, o‘g‘il bolalar esa orqasida o‘tiradi. Tartibni saqlash vazifasi uch nafar ko‘ngillining zimmasiga yuklatilgan.
Avtobus xavfsiz yo‘nalishlari bo‘ylab shaharni aylanib chiqadi. Uning ichida Afg‘onistondagi nashriyotlar sovg‘a qilgan olti yuzga yaqin kitob bor. Ushbu loyihaga Oksford universiteti bitiruvchisi, 26 yoshli Farishta Karim asos soldi.