Ukraina ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, portlashlar oqibatida Kiyevdagi barcha issiqlik elektr markazlari (IEM), shuningdek, Kiyev viloyatidagi yirik energetika ob’ektlaridan biri — Tripolye issiqlik elektr stansiyasi shikastlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Kiyev viloyatidagi “Kiyevskaya” va “Novokiyevskaya” elektr podstansiyalari ham zarar ko‘rgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, Kiyevdagi TES-4ga ballistik raketalar bilan zarba berilgan. Raketalar poytaxtga yaqinlashayotganida aniqlangan.
“Ular energetika infratuzilmasini vayron qilayotgani va Ukraina ballistik raketalar uchirilishi haqida oldindan ogohlantirish olmayotgani adolatdan emas”, — dedi Zelenskiy.
Avvalroq Rossiya Mudofaa vazirligi Rossiya armiyasi tunda Kiyev, Kiyev va Xarkiv viloyatlarida Ukraina harbiy-sanoat majmuasi va Qurolli kuchlari manfaatlari yo‘lida foydalaniladigan infratuzilma ob’ektlariga zarba berganini ma’lum qilgan edi.