Apple tarixidagi eng kamyob kompyuterlardan biri Nyu-Yorkdagi Bonhams auksionida 1,15 million dollarga sotildi. 14 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan savdolar yakunida ikki xaridor kompyuter uchun narxni oshirishda davom etdi. Natijada Apple-1 rusumli seriyali kompyuterlar orasida rekord narx qayd etildi.
Hatfield deb nomlangan kompyuter 1976 yilda — Apple kompaniyasi tashkil etilgan yili ishlab chiqarilgan. U hozirgacha ishlash holatini saqlab qolgan. Kompyuterning elektron platasida kompaniya hammuassisi Stiv Voznyakning imzosi ham bor.
Kompyuter bilan birga xaridor 1978 yil yanvarda Stiv Jobs tomonidan yozilgan xatni ham qo‘lga kiritdi. O‘sha paytda Jobs kompyuterning dastlabki egasi Fred Xetfildga uni 4 kilobayt xotiraga ega, yangiroq Apple II modeli platasiga almashtirishni taklif qilgan. Biroq Xetfild taklifni rad etgan va tarixiy kompyuterni saqlab qolgan.
Apple-1 kompaniyaning birinchi mahsuloti hisoblanadi. Kompyuter yig‘ilgan elektron plata ko‘rinishida sotilgan bo‘lib, unga klaviatura va monitorni foydalanuvchining o‘zi ulashi kerak edi.
Apple-1 reestri ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu modelning 94 ta nusxasi mavjudligi tasdiqlangan. Bonhams auksion uyi baholashicha, hozirgacha ularning 75 tadan kam nusxasi saqlanib qolgan, ishlaydiganlari esa bundan ham kam.
Savdolardan oldin Hatfield kompyuterining qiymati 500 mingdan 800 ming dollargacha baholangan edi. Biroq yakuniy narx eng yuqori prognozdan ham ancha oshib ketdi.