Polisiya ma’lumotiga ko‘ra, 40 yoshli Jonatan Makkinsi shanba kuni tushdan keyin San-Fransiskodan 56 kilometr uzoqlikdagi Dublin shahrida sport majmuasi yonidagi avtoturargohda ko‘p sonli o‘q yaralari bilan topilgan.
Makkinsi New York Times'da o‘yinlar tajribasi yo‘nalishida muhandislik ishlanmalari direktori bo‘lib ishlagan. Gazeta uning o‘limidan xabar topganini tasdiqlagan.
Guvohlarning aytishicha, voqea joyida bir nechta o‘q ovozi eshitilgan. Ulardan biri Makkinsi otilib, yerga yiqilganini ko‘rganini aytgan.
Yana bir guvoh keksa juftlikni voqeadan so‘ng xotirjam tarzda hodisa joyini tark etayotganini ko‘rganini bildirdi. Ular bir necha daqiqadan so‘ng yo‘ldan o‘tayotgan polisiya xodimi tomonidan ushlangan.
Marhumning qaynota va qaynonasiga birinchi darajali qotillik, jumladan bir qator ayblovlar qo‘yilgan. Hozirda ular hibsda saqlanmoqda.
Qotillik sababi hozircha ma’lum qilinmagan.