AQSh prezidenti Jo Bayden Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) rahbari Kim Chen In bilan shaxsan uchrashishdan bosh tortdi.
Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki brifing paytida aytib o‘tdi. Psaki jurnalistning «Davlat rahbari KXDR rahbari bilan muzokaralar stoliga o‘tirishga tayyormi yoki yo‘q?» degan savoliga javob berar ekan, uning yondashuvi «umuman boshqacha» ekanini va u bunday qadam tashlash niyatida emasligini ta’kidlagan.
Oldinroq Amerika rahbari Koreya yarim orolini yadrosizlantirish masalasini o‘zining tashqi siyosatidagi eng ustuvor vazifasi deb atagan edi. Bayden KXDRning yaqinda raketa uchirilishini qoraladi va bunga munosib javob bo‘lishini ta’kidladi. Shuningdek, u Pxenyan bilan aloqalarda diplomatiyaga ochiq ekanligini qo‘shimcha qildi.
2018 yildan beri AQSh va KXDR ushbu masalada muzokaralar olib bormoqda. AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp ushbu borada kelishuvga erishilgan taqdirda KXDRdan sanksiyalarni olib tashlashga tayyorligini aytgan edi. Biroq, 2019 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan so‘nggi muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Bu haqda Pxenyan xabar bergan, AQSh esa rad etgan edi.
2020 yil dekabr oyida KXDR AQSh bilan yadrosizlantirish masalasida qo‘shimcha muloqotga muhtoj emasligini bildirdi.