“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Jizzax viloyati bo‘limi tashabbusi bilan so‘nggi yillarda 3 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan 15 nafar nogironligi bo‘lgan bolalar Germaniya klinikalarida bepul davolanib qaytishdi.
— Bolajonlarning davolanishi 6 oydan 3 yilgacha cho‘zilishi mumkin, — deydi fondning viloyat bo‘limi rahbari Mamlakat Oripova. — Bu vaqtda ular maxsus shaharchada dunyoning boshqa davlatlaridan kelgan o‘z tengdoshlari bilan birga istiqomat qilishadi, bu ularning xorij tillarini o‘rganib olishlarida ham qo‘l keladi.
Yaqinda Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti bilan fond o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan tayanch-harakat, ovqat hazm qilish tizimi, siydik yo‘li, kuyish asoratlari va tug‘ma nuqsoni bor jizzaxlik bolalarning 20 nafari Samarqand viloyatining ko‘p tarmoqli bolalar tibbiy markazida Germaniya shifokorlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazildi. Tibbiy xulosalarga ko‘ra, ularning uch nafari Germaniyada, to‘rt nafari Toshkentda, besh nafari Samarqandda davolanishi uchun yo‘llanmalar olishdi.
Manba: xs.uz