Bugun 4 iyul, 2025 yil, juma

КИР

Jizzaxdagi “Yangi nafas”marafonida 2 mingga yaqin sport ixlosmandi ishtirok etdi

A A A
Jizzaxdagi “Yangi nafas”marafonida 2 mingga yaqin sport ixlosmandi ishtirok etdi

Davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlab Jizzax shahridagi “So‘g‘diyona” sport majmuasidan Sharof Rashidov xiyobonigacha bo‘lgan 3 kilometrlik masofaga “Bir Vatanda, bir vaqtda, bir xil masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” shiori ostida“Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Marafon Yoshlar siyosati va sport, Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Sog‘liqni saqlash, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari, “Asaka bank” aksiyadorlik tijorat banki, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik kompaniyasi va O‘zbekiston Yengil atletika federasiyasi hamkorligida tashkil etilganini alohida ta’kidlab o‘tish joiz.

Ertalab soat 7:00da start chizig‘iga Jizzax viloyati va shahar hokimliklari, Yoshlar ishlari agentligi, Sportni rivojlantirish ishlari, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Milliy gvardiya, Maktabgacha va maktab ta’limi, Sog‘liqni saqlash, Mudofaa ishlari boshqarmalari, harbiy xizmatchilar, Jizzax shahridagi oliy ta’lim muassasalari talaba- yoshlari,viloyat nogironlar jamiyati kabi tashkilot vakillari jam bo‘ldi.

2 ming nafarga yaqin yugurishga kelganlar orasida maktabgacha ta’lim tashkiloti, umumta’lim maktablari va texnikumlar o‘quvchilari, viloyatdagi 5 ta oliy o‘quv yurti talabalari, uyushmagan yoshlar, ishchi-xizmatchilar, harbiylar, nafaqadagi otaxon, onaxonlar, nogironligi bo‘lgan, jumladan ,zaif eshituvchi, ko‘zi ojiz, tug‘ma nuqsoni bo‘lgan yurtdoshlarimiz ham ishtirok etdi.

Musobaqaga respublikamizning 16 ta shahridagi kabi Jizzaxda ham ertalab soat 7:30 da start berildi. Viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari maxsus avtomobillarida hamda Milliy gvardiya otliq xizmatchilari davlatimiz bayrog‘ini baland hilpiratgan holda marafon ishtirokchilarini finish chizig‘igacha kuzatib keldi.

Ushbu yugurish marafonida erkaklar o‘rtasida Jizzax davlat pedagogika universiteti 2-bosqich talabasi Shahobiddin Abduqayumov marraga birinchi bo‘lib yetib kelib, ommaviy yugurish marafoni g‘olibi bo‘ldi. Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi xizmatchisi Ahrorjon Abduvaliyev ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi vakili Begzod Cho‘liyevga uchinchi o‘rin nasib etdi.

– Men Jizzax davlat pedagogika universitetida tahsil olish bilan birga murabbiyim Alisher Tolipov qo‘l ostida to‘rt yildan buyon sportning yengil atletika turi bilan shug‘ullanib kelaman, – deydi musobaqa g‘olibi Shahobiddin Abduqayumov. – Birinchi o‘rinni egallaganimdan xursandman. Bu musobaqada g‘olib bo‘lishimda murabbiyim va universitetdagi ustozlarimning o‘gitlariga amal qilganligim, sportni sevganim, yugurish bilan muntazam shug‘ullanib kelganligim sababli erishdim, deb o‘ylayman.

Ayollar o‘rtasida o‘tgan musobaqada Jizzax olimpiya, paralimpiya sport turlariga tayyorlash maktabi 9-sinf o‘quvchisi Madinabonu Xo‘rozova marra chizig‘ini hammadan avval kesib o‘tib, birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Jizzax davlat pedagogika universiteti talabasi Feruza Xayrullayeva hamda Jizzax shahar Bolalar va o‘smirlar sport maktabi tarbiyalanuvchisi Fayozoy Farruxovalar qo‘lga kiritdi.

Musoqabada imkoniyati cheklangan erkaklar o‘rtasida Sobir Ergashev, ayollar o‘rtasida Jasmina O‘rozova g‘olib bo‘lib, shuningdek, “Eng yosh ishtirokchi” nominasiyasida 4 yoshli Parizoda Shodmonova hamda “Eng ulug‘ yoshli ishtirokchi” nominasiyasida 76 yoshli To‘lqin Soliyevlar rag‘batlantiruvchi mukofotlar bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari, Jizzax politexnika instituti “Eng yaxshi tashkilotchi”, marafonda 350 nafar ishtirokchi bilan qatnashgan Jizzax davlat pedagogika universiteti jamoasi “Eng faol ishtirokchilar” nominasiyalariga loyiq topildi.

“Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi g‘olib va sovrindorlariga diplom, medallar va qimmatbaho sovg‘alar, turli nominasiya sohiblariga faxriy yorliq, tashakkurnoma, esdalik sovg‘alari topshirildi.

Kiritildi: 13:00 19.11.2023. O'qildi: 1374 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!