Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida yosh qizaloq xususiy bog‘cha basseyniga cho‘kib, vafot etdi. Bu haqda Kun.uz’ga qizning onasi Nargiza Jumayeva xabar berdi.
Onaning ma’lum qilishicha, holat 24 oktyabr kuni tumandagi “Mehrli yulduz” bog‘chasida sodir bo‘lgan.
“Qizim Feride Hamroqulova 2024 yil 5 may kuni tug‘ilgan. U basseynga cho‘kib o‘ldi. Hozircha biror huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bizdan xabar olmadi, so‘rab-surishtirmadi. Holat bo‘yicha hech kim izoh bermayapti. Ishni “yopti-yopti” qilishmoqchi”, deydi Nargiza Jumayeva Kun.uz’ga yo‘llagan murojaatida.
U Qozog‘iston fuqarosi ekanini, Jizzax viloyatiga kelin bo‘lib tushganini qo‘shimcha qilgan.
“Mehrli yulduz” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi holatni tasdiqladi.
“Bu ovqatlanishga chiqayotgan vaqtimizda sodir bo‘ldi. Soat 12:00 dan keyin tushlikka chiqamiz. O‘shanda yonimda edi. Boshqa bolalarning oyoq kiyimini kiydirgunimcha qayergadir ketib qolibdi. Oshxonaga ketgan deb o‘ylab, qolgan bolalarni asta-asta oshxonaga olib bordim. Ferideni basseyndan topdim, shunday suvning ustida turgan ekan, ko‘tarib oldim. Birinchi yordam ko‘rsatdik: ko‘kragini bosdik, tarbiyachimiz kelib, qo‘lini og‘ziga tiqib ko‘rdi, keyin rahbarimizning o‘g‘li bilan shifoxonaga olib bordik. Guruhimda 26 nafar bola bor, bir o‘zim qarayman. O‘sha kuni 23 nafari kelgandi”, dedi Feride Hamroqulovaning tarbiyachisi.
Qizaloq ushbu bog‘chaga 3 oktyabrdan kela boshlagan.
Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan 27 oktyabr kuni Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.