Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga murojaat qilgan Farg‘ona viloyatilik fuqaro o‘zining sobiq turmush o‘rtog‘i tomonidan uzoq yillar davomida aliment to‘lamasdan kelinayotganini bildirgan. Aliment to‘lovchiga nisbatan ikki marotaba ma’muriy va bir marotaba jinoiy javobgarlik choralari qo‘llanilgan bo‘lsa-da, aliment majburiyatlari bajarilmagan.
Murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, qarzdorning jinoiy javobgarlikka tortilganligini hisobga olib, aliment qarzdorligini Aliment to‘lovlari jamg‘armasi hisobidan undirib berish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha Bosh prokuratura huzuridagi MIBga murojaat qilindi.
MIB ma’lumotiga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Buvayda tuman sudining 2024 yil 9 dekabrdagi hukmiga asosan qarzdor T.R. aybli deb topilib, unga jinoyat natijasida yetkazilgan 107,6 million so‘m zararni qoplash hamda 1 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.
Ombudsman murojaatidan so‘ng, 2025 yil 18 aprel kuni Davlat aliment to‘lovlari jamg‘armasi hisobidan 107,6 million so‘m mablag‘ undiruvchining bank plastik kartasiga o‘tkazib berilgan.
Qonunchilikka muvofiq, davlat ijrochisi jamg‘arma hisobidan qoplangan aliment to‘lovlari bo‘yicha qarzdordan ushbu mablag‘larni Davlat aliment jamg‘armasiga qaytarish yuzasidan belgilangan tartibda ijro harakatlarini amalga oshiradi.