Amerikalik milliarder Jeff Bezosga tegishli bo‘lgan Blue Origin kompaniyasi tomonidan qurilgan New Glenn raketasi payshanba kuni tunda AQShning Florida shtatidagi uchirish maydonchasida portlab ketdi. Portlash bo‘lajak uchirish oldidan o‘tkazilayotgan sinov paytida yuz bergan.
"Bugungi o‘t ochish sinovi paytida nosozlikka duch keldik. Barcha xodimlarning xavfsizligi tasdiqlandi", deyiladi kompaniyaning rasmiy bayonotida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sinovdan maqsad raketani uchirish maydonchasida mustahkam ushlab turgan holda, uning tezlashtiruvchi bosqichidagi yettita dvigatelni o‘t oldirish edi. Ammo, sinov vaqtida alanga raketaning yon tomonlari bo‘ylab ko‘tarila boshladi va kuchli portlash uchirish maydonchasini qoplab olgan.
Raketa Amazon kompaniyasining “past Yer orbitasi” ma’nosini anglatuvchi LEO internet sun’iy yo‘ldoshlari tizimi uchun 48 ta sun’iy yo‘ldoshni olib chiqishi kerak edi. LEO — SpaceX'ning Starlink tarmog‘iga raqobatchi hisoblanadi. Amazon sun’iy yo‘ldoshlari raketa bortida bo‘lmagan.
Kompaniya qo‘nish modulini Oyga yetkazish uchun SpaceX bilan raqobatlashmoqda. Ushbu muvaffaqiyatsizlik – NASAʼning Oy dasturi rejalariga ham ta’sir qiladi.