Janubiy Afrika Respublikasining Vedela posyolkasida noma’lum shaxslar bar mijozlariga qarata o‘q uzdi. Hujum oqibatida 17 kishi halok bo‘ldi, yana 15 kishi yaralandi.
Bu haqda mamlakat polisiyasi ma’lum qildi.
Polisiya ma’lumotiga ko‘ra, sakkiz nafar qurollangan shaxs dastlab ko‘chada turgan odamlarga to‘pponcha va AK-47 avtomatlaridan o‘q uzgan. Keyin ular bar ichiga kirib, otishmani davom ettirgan.
Taxminlarga ko‘ra, hujumchilar ayrim mijozlarni tintib, ularning telefonlarini ham olib ketgan. Shundan so‘ng ular ikkita avtomobilni yoqib yuborgan va ikki mashinada voqea joyidan qochgan.
«Otishma oqibatida jami 17 kishi — 13 nafar erkak va 4 nafar ayol halok bo‘ldi. Yana 15 kishi o‘q jarohati oldi va tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonalarga yetkazildi», — deyiladi polisiyaning X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida.
Hujumchilarni qidirish ishlari davom etmoqda.