Janubiy Koreya hukumati Ukrainadagi elchisini mamlakatga chaqirib olishga qaror qildi. Bu haqda 8 oktyabr kuni mamlakat Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
«Hukumat Ukrainadagi elchimizni mamlakatga qaytarib olishga qaror qildi», — deyiladi vazirlik bayonotida.
Rasmiy Seul ikki davlat o‘rtasidagi mavjud kelishmovchiliklar muzokaralar orqali hal etilishiga umid bildirgan va Ukraina tomoni bilan muloqotni davom ettirishini ta’kidlagan.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik ziddiyat Ukraina tomoni Rossiya safida jang qilib, asirga tushgan ikki nafar Shimoliy Koreya harbiy xizmatchisining Janubiy Koreyaga topshirilganini oshkor qilganidan keyin kuchaygan. Seul bu ma’lumotni maxfiy saqlash bo‘yicha kelishuv buzilganini da’vo qilmoqda, Ukraina tomoni esa bunday maxfiy kelishuv mavjud bo‘lganini rad etgan.
Avvalroq Janubiy Koreya Ukrainadan rasmiy tushuntirish va uzr so‘rashni talab qilgan edi. Ukraina tashqi ishlar vaziri tomonidan uzr mazmunidagi murojaat yuborilgan, biroq Seul uni yetarli deb hisoblamagan.
Elchini chaqirib olish diplomatik munosabatlarni uzishni anglatmaydi. Bu davlatlar o‘rtasida jiddiy kelishmovchilik yuzaga kelganida qo‘llanadigan diplomatik choralardan biri hisoblanadi. Janubiy Koreya hukumati Ukraina bilan muzokaralarni davom ettirishini bildirgan.