Bugun 10 avgust, 2026 yil, dushanba

КИР

Jahon islom moliyasi 4,4 trln AQSh dollarini tashkil etdi

Jahon islom moliyasi 4,4 trln AQSh dollarini tashkil etdi

Islom moliyaviy xizmatlar kengashining 2026 yilgi hisobotiga ko‘ra, jahon islom moliyasi sanoatining umumiy aktivlari 2025 yilda 4,4 trln AQSh dollariga yetdi. Bir yillik o‘sish 13,4 foizni tashkil qildi. Bunday sur’atga qulay moliyalashtirish sharoitlari, islomiy moliyaviy mahsulotlarga talab va yangi bozorlarning kengayishi turtki bergan.

Tarmoqda asosiy ulush hamon islom banklariga to‘g‘ri keladi. Ularning aktivlari 3,05 trln dollarga yetgan va umumiy bozorning 69,3 foizini tashkil qilgan. Bank aktivlari bir yilda 9,7 foizga o‘sgan. 2020 yildan buyon butun tarmoq aktivlari 1,7 trln dollarga ko‘paygan.

Eng yuqori o‘sish islom investisiya jamg‘armalarida qayd etildi — 25,6 foiz. Sukuk bozori 21,8 foizga kengayib, muomaladagi sukuk hajmi 1 trln dollarlik marradan oshdi. Besh yillik o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 10,3 foizni tashkil etgan.

Hisobotga ko‘ra, islom moliyasi aktivlarining eng katta qismi Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi davlatlariga to‘g‘ri keladi. Bu hudud hissasi 53,8 foiz bo‘lib, aktivlar hajmi 2,37 trln dollarga yaqinlashgan. Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasi 21,3 foiz ulush bilan ikkinchi o‘rinda.

Sohaning bankdan tashqari segmentlari tezroq o‘smoqda. Islom investisiya jamg‘armalari umumiy aktivlarning 4,1 foizini, islom sug‘urtasi yoki takaful esa 1,6 foizini tashkil qilgan. Takaful aktivlarida yillik o‘sish 13,9 foiz bo‘lgan. Bu kapital bozori va investisiya yo‘nalishlari ahamiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Kengash ayrim mamlakatlarda islom moliyasi muqobil xizmat emas, balki milliy moliya tizimining asosiy qismlaridan biriga aylanayotganini qayd etadi. Afrika va Markaziy Osiyoda yangi bozorlar shakllanib, tartibga solish infratuzilmasi kengaymoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarni lisenziyalash tartib-taomillari belgilangani haqida xabar berilgandi.

Kiritildi: 16:15 22.07.2026. O'qildi: 755 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!