Bugun 29 noyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Jahannamdagi eng go‘zal maktub

A A A
Jahannamdagi eng go‘zal maktub

Atrofni bahor o‘z tarovati bilan burkagan paytlar ozgina bo‘sh vaqtim bo‘lsa, mana shu xiyobonga kelib aylanib yurishni yaxshi ko‘raman. Bir tarafdan ishxonamizga yaqin, boshqa tarafdan deyarli kimsasiz. Boshqa bog‘lardagidek «Kep qoling, muzqaymoqlar bor!», «Havo sharlari sotib olinglar, havo sharlari!» deya baqirib xaridor chorlaydigan sotuvchilardan xoli joy. Odam bo‘lmaganidan keyin sotuvchi nima qilsin?! Yana bir o‘ziga xos tarafi, bu yerda bari o‘zimizning teragu tollar, ora-sira olchayu, olmalar uchrab qoladi-yu, ular ham shaharga moslashib ketganmi, bodroqdek gullashsa-da, deyarli meva tugishmaydi. Chamasi, bu xiyobon shahar xo‘jaligiga qarasa-da, ko‘zdan panaroq joyda bo‘lgani uchun unga ajratiladigan mablag‘ni tinchgina o‘zlashtirib, bitta qorovulu farroshga tashlab qo‘yishganidan sal yovvoyilashib ham ketgan. Ammo, baribir, chiroyli joy. Men hatto o‘sha farroshu qorovuli ham kamdan-kam ko‘zga tashlanadigan bog‘da o‘zimni uning xo‘jayinidek his qilaman, olisda qolgan qishlog‘imizni, uning tolu teraklarini eslayman. Mening tubsiz xayollarimga hech kim xalal bermaydi. To‘g‘rirog‘i, xalal berishmasdi, ammo bugun… ayol qishining tovushi xayolimni buzdi:

— Abror aka, juda chiroyli gullagan! Oppoq! Hammasi o‘sha paytlardagidek!

— Juda katta bo‘lib ketgandir?!

Erkakning ovozi tanishdek tuyuldi-yu, ammo uni qayerda eshitganimni eslay olmadim.

— Mana, o‘zingiz ushlab ko‘rishingiz ham mumkin! — ayolu erkakning ovozi qandaydir butalarga chirmashib ketgan chirmovuqlar ortidan kelardi. — Shularning bari pishsa, dunyoning olchasi bo‘ladi!

— Esingdami, ilgari ularni yegani kelardik, avval dovuchchasini, keyin pishganini, — erkak kimnidir tergadi. — Jim, osilma menga, ag‘darilib ketaman.

— Murodjon, bobongni tinch qo‘y, — ayolning tovushi tahdidli yangradi. — Osilma, dedim! Asli, buni bekor ergashtirib chiqdik! Bog‘chasiga jo‘natish kerak edi! Siz shu yerda o‘tira turing, men bunga muzqaymoqmi, bodroqmi olib bermasam, sho‘xlik qilaveradi. Yur, bu yoqqa! O‘n daqiqada qaytamiz, bobosi!

Shundan so‘ng chirmovuqlar pardasi ortidan uch-to‘rt yoshlardagi bolakayni yetaklab olgan o‘rta yoshlardagi ayol tez-tez yurgancha bog‘ning chetidagi katta yo‘l yoqasidagi do‘konlar sari ketdi.

Chirmovuqlar panasida, chamasi, yolg‘iz qolgan erkakning o‘zicha qilgan xirgoyisi eshitildi:

— Og‘a sog‘ borsangiz avval,
Otamlarga salom ayting.
Yugurib chiqqan ul mushfiq,
Onamlarga salom ayting.

Bu xirgoyini aytayotgan erkakning ovozi yodimga bundan yigirma besh-o‘ttiz yillar burun bo‘lib o‘tgan voqealarni tushirdi.

* * *

— Shoir bola, uf-f, seni zo‘rg‘a topdim-a! Tez o‘n ikkinchi palataga borarkansan! — eshikdan bosh suqqan yarador askar topshiriq qattiq bo‘lgan, shekilli, ketmay bez bo‘lib turaverdi.

— Hozir boradi, ko‘rmayapsanmi bandligini?! — dedi menga qishloqda qolgan sevgilisi uchun xat yozdirayotgan qo‘li yelkasigacha gipslangan askar bola o‘qrayib. — Jo‘na, degandan keyin jo‘namaysanmi?

— Mayli, — dedi chopar askar cho‘ntagidan sigaret chiqargancha, — derazaning oldida turaman. Faqat tezroq bo‘lsin!

«Shoir bola» — mening laqabim. Qobuldagi harbiy gospitalga Qandahordan jo‘natishganiga bir oydan oshdi. Ko‘pchilik yaradorlarning ichida meniki eng yengili bo‘lsa-da, qism shifokori «Etar shuncha porox hidlaganing, xizmating tugashigayam ozgina qolibdi, seniyam Qobulga jo‘nataman, birato‘la o‘sha yerdan uyingga javob bervorishadi!» deb otalik qilgani uchun bu yerdaman. O‘q teshgan joylarim allaqachon bitib ketgan bo‘lsayam meni yana ortga, xizmat qiladigan qismimga jo‘natib yuborishdan ma’no yo‘q. Erta-indin umuman harbiy xizmat muddatim tugagani uchun uyimizga javob berib yuborishi kerak. Zerikishga vaqt yo‘q. Xat-savod masalasida kamlik joyim yo‘qligi, buning ustiga chiroyli she’rlar, ayniqsa, qizlarning ismiga moslab to‘rtlikmi-boshqami to‘qiyverishim tufayli ko‘pchilik askarlar uylariga xat yozdirgisi kelsa, meni chaqirishadi. Ayniqsa, sevgi xatlarini qoyillatib tashlayman! Albatta, quruqqa emas. Bitta xatga bir quti sigaret yoki hali biz tomonlarga yetib bormagan anvoyi saqichlardan. O‘z palatamdagi tumbochkamda bunaqa saqichlar qalashib ketgan. Mayli, saqichlarni uydagilarimga olib boraman.

— Shoir bola, bo‘ldingimi?! Yur! — oyog‘idan yaralangan yigit qo‘ltiqtayoqqa tayangancha bir oyoqda qisqa-qisqa hatlab, achchiq ichakdek uzun koridordan meni borishim kerak bo‘lgan palataga qarab boshladi.

— Mana, boshlab keldim, — o‘ziga topshirilgan vazifani qoyillatib qo‘ygandek yarador askar o‘ziningmi-boshqaningmi, ishqilib, bo‘sh koykaga ketini tashladi.

— Sen xatni boplab yozarkansan-a?! — tovush keldi xonadagi sakkiztacha koykaning biridan.

— Ha, uncha-muncha! — Men tovush kelgan tarafga alanglab, kattagina koykaning yarmida yotgan, yuzi oq doka bilan chandib tashlangan askarni topdim. — Istasang, she’rlar ham yozib beraman.

— She’rlarning keragi yo‘q! — deya askar qo‘li bilan paypaslab, yonida yotgan qutidan sigaret oldi. Boshqa koykada yotgan askar darrov gugurt chaqib tutdi.

— Gap munday! — dedi og‘zigina bintlanmay ochiq qolgan askar bulutdek tutun haydab. — Bir qizga xat yozib berasan.

— Sevgi xati! — dedim uning gapini to‘g‘rilab.

— Yo‘q, qanaqa sevgi?! Menda sevgi qoldimi?! — askar yigit qo‘li bilan oppoq choyshab ustini siladi. — Ikkala oyog‘imniyam kesib tashlashdi. Endi ota-onamgagina kerak bo‘lmasam…

Askarning tomog‘iga bir narsa qadalib, jim bo‘ldi.

— Unda uydagilaringgami?! — dedim yigitning maqsadini tushunmay.

— Uydagilarimga keyin yozamiz, avval o‘sha qizga yozamiz, qaylig‘imga, — dedi yigit va xayolga cho‘mdi.

Men uning qo‘shnisi o‘tirgan koykaga cho‘kib, avvaldan tayyorlab qo‘yishgan qog‘ozni qalin bir jurnalga qo‘ygancha, qo‘limdagi ruchkaning ketini tishlagan ko‘yi askarning og‘ziga tikildim.

— Yozyapsanmi?! Yoz! «Hurmatli Mu’tabarxon! Men bu yerda boshqa bir qizni yaxshi ko‘rib qoldim. Sendan uzr so‘rayman. Shunaqa bo‘lib qoldi. Hademay farzandli ham bo‘lamiz. Xizmatim tugasa, uning shahriga ketishimiz ham mumkin. Har nima bo‘lganidayam…» — yigit shu joygacha ancha tayyorlanganligi uchun ravon aytib turdi-yu, keyin jim bo‘lib qoldi… — Yozyapsanmi?!

Men yigitning «Hurmatli Mu’tabarxon! Men bu yerda boshqa bir…» jumlalarini yozganimdan keyin qolganini yozsammi, yozmasammi, deb o‘ylanib qolgan edim.

— Yozyapti! Yozyapti! — dedi yonimda o‘tirgan yigit qog‘ozga ko‘z tashlab. — Juda chiroyli yozyapti! Ammo sen astaroq aytgin-da, pulemyotday tarillatmay, to‘g‘rimi?!

— Qayerga kelding?! — dedi yigit va mening javobimni eshitgach, boshini irg‘adi. — Yaxshi, rus qizni yaxshi ko‘rib qoldim. U juda chiroyli qiz…

Men yonimda o‘tirgan yarador yigitga qarab, yelkamni qisgancha qog‘ozga boshqa gaplarni yoza boshladim. «Boshqa bir dunyolarga duch kelib, seni yanada yaxshi ko‘rishimni angladim. Birga bo‘lgan chog‘larimizni yana esladim. Mendan xavotir olma, ko‘nglim hamon senga intiladi. Balki, tez orada ko‘rishib ham qolsak kerak!»

— IYE?! — yonimda o‘tirgan askar bola qog‘ozga ko‘z tashlab, yarimjon askar aytayotgan gaplardan butunlay boshqa narsalarni yozayotganimni ko‘rib qoldi va sog‘ qo‘li bilan og‘zini yopdi.

— Nima bo‘ldi?! — dedi xat yozdirayotgan askar xavotir olgancha dokalab tashlangan ko‘zlari ko‘rmasayam, o‘rganib ketganidan biz tarafga qarab. — Tinchlikmi?!

— Tinchlik, tinchlik! — dedi askar qo‘limdagi qog‘ozni yerga tashlab. — Qog‘oz yerga tushib ketdi. Ma, yoz, shoir bola!

— Davom etamiz, — dedi yigit chekib bo‘lgan sigaretini tashlab yuborishlari uchun kimgadir uzatib. — Sen juda yaxshi qizsan! Mendan ham ko‘ra yaxshiroq yigitlar ko‘p! Ulardan biriga turmushga chiq. Mendan umidingni uz! Sendan yana bir bor kechirim so‘rab, Abror. Qobul shahri. Sana. Yozib bo‘ldingmi?!

— Hozir, — dedim men yozganlarim bo‘lmish «Senga atab chiroyli narsalardan sotib oldim. Hatto she’r ham yozdim.

Olmazor bog‘i bilan,
Yonida yaprog‘i bilan.
Bizni yor xatlar yozar
Kichkina barmog‘i bilan!

Bu she’rni o‘zim yozganim yolg‘on, eski qo‘shiqdan, ammo senga atalganday. Xayr, to diydor ko‘rishguncha seni jonidan ortiq sevuvchi Abror! Qobul. Sana»

— Yozib bo‘lgan bo‘lsang, bir boshidan o‘qib ber-chi!

Yigitning bu talabini kutmaganim uchun dovdirab qoldim. Yonimdagi yigit mening ahvolimni tushunib, xat bitilgan qog‘ozni qo‘liga olgancha Abror aytib turgan xatni yodida qolgancha o‘qib berdi.

— Bo‘ladi! Sal bir-ikkita so‘zi adashibdi-yu, men aytmoqchi bo‘lgan gaplarni bari yozilibdi, rahmat senga, birodar! — Abror yarmi bo‘shab qolgan sigaret qutisini uzatdi. — Kam bo‘lsayam shuni ol!

— Qo‘ysang-chi, o‘rtoq! — dedim uning qo‘lini qaytarmaslik uchun qutidan bitta sigaret olib. — Bittasini oldim. Endi uni konvertga solib, manzilini yozib beraman. Hatto pochta qutisiga tashlab o‘tishim ham mumkin.

— Shunday qilaqol, savob qilsang, butun qil, deyishadi-yu!

Oyoqlari kesilgan, yuzi doka bilan chadib tashlangan yigit aytib turgan manzilni konvert yuziga yozishga kirishdim.

Senga katta rahmat, jo‘ra! Qiz bolani nima qilaman baxtsiz qilib, to‘g‘rimi?!

— Bilmadim… — dedim ko‘zlarimga qalqqan yoshni bildirmay artarkanman.

— U juda chiroyli qiz, men endi unga arzimayman, — yigit boshini boshqa tarafga o‘girib, ancha payt jim bo‘lgach, gapida davom etdi. — Abdusattor, anavi ashulangni aytib ber, iltimos…

Yonimda o‘tirgan yigit tumbochkada turgan grafindan suv ichib, tomog‘ini ho‘llab olgach, chayqalgancha xirgoyi qilishga tushdi:

— Og‘a, sog‘ borsangiz avva-al,
Otamlarga-a salom ayting,
Yugurib chiqqan ul mushfiq,
Onamlarga-a salom ayting.

Salomat deng, onajonim,
Ko‘zin zinhor yoshlatmang!
Yo‘limga ko‘z tikib turgan,
Ukamlarga salom ayting…

* * *

— Tezroq yur, bobong bizni kutib qolgandir! — nabirasiga muzqaymoq olib bergan ayol bog‘ ichiga kirib keldi.

Men uni tanimasam-da, o‘zimga qarab imladim. Juvon kattakon olcha daraxti tagida o‘tirgan eri tarafga qarab oldi-da, nabirasiga bobosining oldiga borishini tayinlab, oldimga keldi.

— Sizning ismingiz Mu’tabarxon-a?! — dedim chirmovuqlar ortidagi erkak eshitib qolmasligi uchun sekin.

— Ha-a, nimaydi?! — dedi juvon ham tovushini pasaytirgancha atrofga alanglab. — Sizni tanimayroq turibman!

— U kishining ismlari Abrormi?! — dedim nabirayu boboning quvnoq tovushlari kelayotgan tarafga ishora qilib.

— Ha-a?! — dedi ayol hadiksiragancha. — Siz kim bo‘lasiz?!

Men bir zum o‘ylanib turdim-da, o‘sha Afg‘onistondagi urush payti gospitalda yozilgan maktubga ilova qilgan she’rni o‘qidim:

— Olmazor bog‘i bilan,
Yonida yaprog‘i bilan.
Bizni yor xatlar yozar,
Kichkina barmog‘i bilan!

— Voy, siz o‘shami?! — ayolning yuzi yorishdi. — O‘sha yozib bergan xatingiz haliyam uyimizda turibdi. Abror akam aytib turgan-da! Haligacha u kishiga o‘qib beraman.

— IYE, o‘zlari o‘qiy olmaydilarmi?! — juvon tovushimni ko‘tarib yuborganim uchun barmog‘ini labiga bosdi.

— Bilmasmidingiz, ikkala ko‘zlariyam ko‘r bo‘lib qolgan! — ayol qo‘limdan ushladi. — Yuring, quroldosh o‘rtog‘ingiz bilan uchrashing!

— Boshqa safar! — dedim ko‘z yoshimni kaftim bilan sidirib. — Meni ko‘rganingizni
aytmang, maylimi! Men bu yerga ko‘p kelaman. Balki, yana uchrashib qolarmiz! Eng muhimi, sizlar ajralishib ketmaganingiz! Men shunga xursandman!

Ayol mendan xafa bo‘lgandek biroz parishonhol turdi-yu, erining «Buvisi-i! Buvisi-i, qayerda qoldingiz, tez keling, buningiz yozilaman deyapti!» deya chaqirgani qulog‘iga tushib, ko‘rsatkich barmog‘ini: «Qarab turing!» — degandek menga o‘ynatgancha yugurib ketdi.

Men tezda o‘rnimdan turdim-da, shosha-pisha zanglarini yer barobar osiltirgan eski uzum tokining panasiga o‘tib oldim.

Bir necha lahzadan keyin nogironlar aravachasiga o‘tqazilgan, ko‘ziga qora ko‘zoynak taqqan erining oldiga nabirasiniyam o‘tqazib olgancha itarab kelayotgan juvon atrofga alanglay-alanglay hozirgina men turib ketgan eski taxta o‘rindiq yoniga keldi va unda unutib qoldirgan she’rlar to‘plamimni qo‘liga oldi.

— Nimaga to‘xtadik?! — dedi Abror aka xavotirga tushib.

— Birov kitobini unutib qoldiribdi, Abror aka! — dedi Mu’tabarxon kimsasiz bog‘ni boshdan-oyoq qarab chiqarkan. — She’r kitobi ekan.

— Kitob bo‘lsa yaxshi, — dedi Abror aka xotini uzatgan kitobni qo‘li bilan paypaslab ko‘rib. — Hamyon bo‘lganda, yana-da yaxshi bo‘lardi! Ha-ha-ha-a! Qalingina ekan! Mayli, olib ketamiz, menga o‘qib berib yurasiz! Haydang uyga! Ammo-lekin bugun kabobni o‘zim pishiraman! Hech kim aralashmasin! O‘tgan gal Salimjoningizga ishonib, shundoq kuyindi chaynabmiz-a, xonim!

— Yosh-da, dadasi, yosh! Eskilar bekorga aytmagan-ku, «Yoshga ish buyur, orqasidan o‘zing yugur», deb! Halimjoningiz ham kelib qolsa, yaxshi bo‘lardi. Hammamiz bir dasturxon atrofida jam bo‘lardik…

Bog‘ni tark etayotgan boboyu buvi hamda nabiralarni biqingan joyimdan kuzatib qolar ekanman, ular olib ketgan yaqinda chiqqan she’rlar kitobimning o‘ntasiga arziydigan eng go‘zal maktubim — askar maktubini yozgan kunlarimni qaytadan g‘urur va faxrga to‘lib esladim!..

Manba: zamin.uz

Kiritildi: 19:31 02.10.2018. O'qildi: 4396 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik