Bugun 19 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Izmirda hamon yer qimirlayapti

Izmirda hamon yer qimirlayapti

Kecha, 30 oktyabr kuni Turkiyaning Izmir shahrida kuchli yer silkinishi sodir bo‘ldi. Hayotimda bunchalik qattiq zilzilani ko‘rmagan edim. Uyda 11 yashar o‘g‘lim ikkimiz edik, uni qattiq quchoqlagancha duo o‘qib, silkinishning o‘tib ketishini kutdim. O‘sha soniyalarda nimalardir qasir-qusur, taraq-turuq qilganidan battar vahima bo‘lib, uy bizni bosib qoladi degan fikr xayolimdan ketmay qoldi. Nima qilsam, o‘g‘lim omon qolishi mumkin degan deb o‘yladim nuqul. Yer silkinishi to‘xtashi bilan o‘g‘lim ikkimiz o‘zmizni tashqariga otdik, beshinchi qavatdan qanday yugurib tushganimni eslolmayman... Allohga ming shukr, O‘zi asradi. Biz yashaydigan binoga zarar yetmadi, umuman biz yashaydigan mavzeda talafotlar yo‘q. 

Zilzila markazi shahar tashqarisidagi Seferihisar tumani sohillarida, Egey dengizida ekani aytildi. Magnitudasi 6,6 ga teng bo‘libdi. Seferihisarda kichki sunami kelib chiqqan.  Tarqatilgan ma’lumotlarga qaraganda, kechadan beri to‘rt yuzga yaqin aftershoklar yuz bergan, sal kuchliroqlarini his qilib turibmiz. 

Er silkinishidan Izmir shahrining Bayraqli va Bornova tumanlari ayniqsa ko‘proq zarar ko‘rdi. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, zilzila tufayli 24 kishi halok bo‘ldi, jami 804 kishi yaralandi. Nafaqat Izmirda, balki uning atrofidagi Manisa, Balikesir va Aydin viloyatlarida ham jarohat olganlar bor. 

Izmirda 17 ta ko‘p qavatli bino qulab tushgan. Qutqaruvchilar kechasi bilan ishlab, vayronalar ostida omon qolganlarni qidirishdi. Shu paytgacha sakkizta binoda qidiruv-qutqaruv ishlari tugatildi, to‘qqiztasida hali ham davom etyapti. Bir necha kishi tirik qutqarildi va kasalxonaga olib borildi. 

Ubaydulloh Adhamov

Kiritildi: 13:36 31.10.2020. O'qildi: 2747 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!