Italiyada shifokorlar 13 yoshli o‘smirning belidan uzunligi 5,5 santimetr bo‘lgan velosiped tormozining metall dastagini jarrohlik amaliyoti orqali olib tashladi. Begona jism uch yil avval bola velosipeddan yiqilganida uning tanasiga kirib qolgan. Bu haqda Vatikanning Bambino Gesù bolalar shifoxonasi ma’lum qildi.
Shifoxonaning ortopediya va travmatologiya bo‘limi rahbari Pyer Franchesko Kostichining aytishicha, o‘smir uch yil davomida jiddiy alomatlarsiz odatiy hayot kechirgan.
13 yoshida bolaning o‘ng oyog‘ida og‘riq paydo bo‘lgan, keyinchalik ikkala oyog‘ida ham noqulaylik sezilgan. Uning umurtqa pog‘onasi rentgen tekshiruvidan o‘tkazilganda bel sohasida begona metall jism borligi aniqlangan.
Kompyuter tomografiyasi natijalariga ko‘ra, velosiped tormozining dastagi chap yon tomondan kirib, bel umurtqalari sohasidagi nerv ildizi yaqinida joylashib qolgan. Uch yil davomida uning atrofida fibroz to‘qimadan iborat qoplama hosil bo‘lgan.
Jarrohlar uchun asosiy qiyinchilik metall jismning umurtqalararo teshikda, nervga juda yaqin joylashgani bo‘lgan. Nerv faoliyatini saqlab qolish uchun shifokorlar uni begona jismdan ehtiyotkorlik bilan ajratishga majbur bo‘lgan. Natijada dastak to‘liq olib tashlangan.
Jarrohlik amaliyoti qariyb uch soat davom etgan. Amaliyotdan keyingi kunning o‘zida o‘smir o‘rnidan tura olgan va bir necha kundan so‘ng shifoxonadan chiqarilgan.
Tibbiyot muassasasi ma’lumotiga ko‘ra, tiklanish jarayoni muvaffaqiyatli yakunlangan. Nazorat tekshiruvida, jumladan, asab tizimi bilan bog‘liq hech qanday asoratlar aniqlanmagan.