Italiyaning Sardiniya orolida rossiyalik oligarx Alisher Usmonovning qiymati 600 ming dollardan ortiq bo‘lgan Mercedes Maybach S650 Guard VR10 avtomobili musodara qilindi. Bu haqda The Times nashri xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, ushbu avtomobil pulemyot va qo‘l granatalari hujumlariga bardosh bera oladi. Qora rangdagi Mercedes Maybach Italiya soliq polisiyasi tomonidan musodara qilindi. Ular avvalroq, Yevropa Ittifoqining oligarxlarga nisbatan sanksiyalarini rossiyaliklarga tegishli villalar va yaxtalarga qo‘llashga kirishgan.
Nashrning yozishicha, bir vaqtlar Buyuk Britaniyaning eng boy odami sifatida tilga olingan asli o‘zbekistonlik tog‘-kon magnati Alisher Usmonov allaqachon Sardiniyadagi 17 mln yevrolik villasidan va 66 mln yevrolik aktivlari bo‘lgan oltita kompaniyasidan ayrilgan.