Meloni Italiya “Tinchlik kengashi”ning hozirgi formatida ishtirok etmasligini aytdi va Trampdan uni o‘zgartirishni so‘radi.
Italiya bosh vaziri Jorja Meloni mamlakat konstitusiyasiga zid bo‘lgani sababli AQSh prezidenti Donald Trampdan “Tinchlik kengashi”ning formatini qayta ko‘rib chiqishni so‘radi. Meloni bu haqda Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan bo‘lib o‘tgan hukumatlararo sammitda ma’lum qildi.
Meloni va Mersning fikricha, kengashda amalda bo‘lgan qaror qabul qilish tizimi milliy suverenitetning bir qismini tashqi organga topshirishni nazarda tutadi. Bunday yondashuvni Italiya va Germaniya konstitusiyalariga o‘zgartirish kiritmasdan turib qabul qilinishi mumkin emas. Shu sababli Italiya va Germaniya kengash tuzilmasini isloh qilish, uni yanada ochiq va barcha ishtirokchilar uchun teng sharoit yaratadigan mexanizmga aylantirishni taklif qilmoqda.
“Tinchlik kengashi” AQSh prezidenti Donald Trampning tinchlik rejasiga muvofiq urushdan keyin G‘azo sektorini boshqarish organi sifatida ishlab chiqilgan. Biroq Bloomberg tanishib chiqqan nizomga ko‘ra, Tinchlik kengashi ancha kengroq funksiyalarga ega va u BMTning muqobili bo‘lishi mumkin.
Kengash nizomida unga Tramp raislik qilishi va barcha qarorlar u tasdiqlaganidan keyin qabul qilinishi belgilangan. Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimini tark etganidan keyin ham “Tinchlik kengashi”ga raislik qilishda davom etadi va o‘zi istagan vaqtdagina bu lavozimdan iste’foga chiqadi.
Bloomberg'ning qayd etishicha, kengash nizomida mamlakatlar doimiy a’zolik uchun kamida bir milliard dollar badal to‘lashi kerakligi haqida band ham bor. Bu mablag‘larni esa Tramp nazorat qilishi belgilangan.