Istanbul o‘zining betakror silueti bilan dunyoga mashhur shahar. Quyosh botish mahalida yanada ravshan ko‘zga tashlanadigan masjid-u minoralar, moviy suvlar bag‘rida suzayotgan paromlar va Tarixiy Yarimorol bo‘ylab salobat bilan qad rostlagan yetti tepa — bularning barchasi shahar manzarasining ajralmas qismidir. Ammo Istanbul qiyofasiga alohida ma’no va joziba bag‘ishlaydigan yana bir muhim ramz bor — uning tarixiy minoralari. Bu minoralar nafaqat me’moriy qiyofasi, balki boy tarixiy hikoyalari bilan ham e’tiborni tortadi.
Bosfor o‘rtasidagi afsona: Qiz minorasi
Qiz minorasi Istanbulning eng qadimiy ramzlaridan biri bo‘lib, u Uskudardagi Salajak sohilidagi dengiz o‘rtasida joylashgan. Tarixi miloddan avvalgi V asrga borib taqaladigan ushbu inshootni bemalol Uskudarning timsoli deb atash mumkin. XII asrda Sharqiy Rim imperatori Manuyel Komnenos II tomonidan mudofaa maqsadida qurilgan minora tarix davomida bojxona punkti, surgun joyi va dengiz mayog‘i kabi turli vazifalarni bajargan. Hatto qadimda Bosfor bo‘g‘ozidan o‘tgan kemalardan boj olinadigan maskan sifatida ham xizmat qilgan. 1509 yildagi kuchli zilzila va 1721 yildagi yong‘in inshootga jiddiy zarar yetkazgan bo‘lsa-da, u bir necha bor qayta tiklangan. So‘nggi keng ko‘lamli restavrasiya 2021 yilda amalga oshirildi.
Bugungi kunda minoraga qirg‘oqdan jo‘naydigan maxsus qayiqlar orqali borish mumkin. Qiz minorasi ko‘plab afsonalarga boy. Eng mashhuri — podshohning qizi haqidagi rivoyatdir. Unga ko‘ra, malikaning ilon chaqishidan vafot etishi bashorat qilinadi, podshoh uni himoya qilish maqsadida minora qurdiradi. Biroq taqdir hukmi bilan oziq-ovqat savatidan chiqqan ilon malikaning umriga zomin bo‘ladi. Shuningdek, Qiz minorasi va Galata minorasining o‘rtasidagi muhabbat haqidagi rivoyat ham mashhur. Ularning orasini Istanbul bo‘g‘ozi ajratib turadi — go‘yo bir-biriga yetolmaydigan, ammo doimo sog‘inch bilan qarab turadigan ikki oshiqdek tasvirlanadi.
Romantik siluet: Galata minorasi
Istanbulning tarixiy minoralari orasida eng mashhurlaridan yana biri — Galata minorasi. 1335–1349 yillarda genuyaliklar tomonidan bunyod etilgan ushbu inshoot Usmoniylar davrida ombor, yong‘in kuzatuv minorasi va hatto asirlar saqlanadigan joy sifatida ham xizmat qilgan.
1509 yildagi kuchli zilzila va 1831 yildagi yirik yong‘in oqibatida Galata minorasi me’moriy jihatdan muayyan o‘zgarishlarga uchradi. 1965–1967 yillarda olib borilgan restavrasiya ishlari natijasida turistik maskanga aylantirildi. 2013 yilda esa YUNESKOning Butunjahon merosi vaqtinchalik ro‘yxatiga kiritildi.
Galata minorasi haqidagi mashhur rivoyat Hezarfen Ahmad Chalabiy nomi bilan bog‘liq. Afsonaga ko‘ra, u yog‘och qanotlar bilan minoradan uchib, Uskudarga yetib borgan. Go‘yoki u Qiz minorasiga yozilgan muhabbat maktublarini ham olib uchgan, biroq shamol ularni Bo‘g‘oz to‘lqinlariga sochib yuborgan. Shunga qaramay, rivoyatlarda Qiz minorasi bu muhabbatni baribir his etgan, deyiladi.
Ob-havo xabarchisi: Beyazit minorasi
Beyazit minorasi 1749 yilda yog‘ochdan qurilgan. U shaharda tez-tez yuz beradigan yong‘inlarni kuzatish va u haqida ogohlantirish vazifasini bajargan. Bir necha bor yong‘inlardan zarar ko‘rgan minoraning Beyazit maydoniga qaragan tomonida Sulton Mahmud II ning tug‘rasi (hukmdorning kalligrafik rasmiy muhr-belgisi) tushirilgan lavha mavjud. Minoraning yana bir o‘ziga xos ahamiyati shundaki, u uzoq vaqt davomida istanbulliklarga ertangi kun ob-havosi haqida xabar berib kelgan. Minora ko‘k rangda yoritilsa — havo ochiq bo‘lishi, yashil rang — yomg‘ir yog‘ishi, sariq rang — tuman tushishi, qizil rang esa qor yog‘ishini anglatgan.
Devorlar tutashgan maskan: Marmar minora
Marmar minora Istanbulning eng qadimiy mudofaa inshootlaridan biri hisoblanadi. U marmar bloklardan to‘rt qavatli qilib qurilgan va tarix davomida turli vazifalarni bajargan. Minoradagi past-u baland devorlar hamda qiya yo‘laklar uning harbiy maqsadda qo‘llanganini ko‘rsatsa, keyinchalik ichki qismiga qo‘shilgan sardobalar hamda ayrim me’moriy unsurlar esa ma’lum davrlarda turar joy sifatida ham foydalanilganini anglatadi.
Maftunkor me’moriy obida: Dolmabahche soat minorasi
Dolmabahche soat minorasi Bezmialem Valide Sulton masjidi bilan Dolmabahche saroyining Saltanat darvozasi o‘rtasida joylashgan. Ushbu minora 1890–1895 yillar oralig‘ida Sulton Abdulhamid II farmoni bilan bunyod etilgan. U nafis va o‘ziga xos me’moriy qiyofasi bilan ajralib turadi. Me’mor Sarkis Balyan tomonidan neo-barokko va ampir uslubida qurilgan inshoot 27 metr balandlikka ega bo‘lib, saroy majmuasining muhim bezaklaridan biri sanaladi.
Beshiktosh yuragida: Yildiz soat minorasi
Yildiz soat minorasi Beshiktosh tumanidagi Yildiz saroyi majmuasiga mansub Yildiz masjidi hovlisining janubi-g‘arbiy qismida joylashgan. Sharqona (oriyentalistik) uslubda barpo etilgan minoraning tashqi fasadida yozuv lavhasi va barometr mavjud. O‘zining nafisligi bilan har bir kishida hayrat va qiziqish uyg‘otadi.