Anadolu nashrining xabar berishicha, Isroil armiyasi (SAXAL) Suriya janubidagi Deraa va Qunaytra viloyatlari o‘rtasida joylashgan Yarmuk daryosi hududiga samolyotlardan tahdidli varaqalar tashladi. Bu hududda Isroil qo‘shinlari o‘z bosqinini davom ettirmoqda va harbiy ishtirokini kengaytirmoqda.
Mahalliy manbalarning ma’lum qilishicha, bu voqea aholi Isroil qo‘shinlarining Suriya hududiga kirishiga xalaqit berish uchun yo‘llarni toshlar bilan to‘sib qo‘yganidan so‘ng yuz bergan.
Varaqalarda Isroil armiyasiga qarshi barcha harakatlarni, jumladan, yo‘llarni toshlar bilan to‘sishni to‘xtatish talab qilingan. Shuningdek, harbiylar mintaqadagi faoliyatini mavjud barcha vositalardan foydalangan holda davom ettirishi haqida ogohlantirilgan.
Isroil armiyasi Deraa va Qunaytrada muntazam ravishda reydlar va tintuvlar o‘tkazib, nazorat-o‘tkazish punktlarini o‘rnatmoqda hamda tinch aholini qo‘lga olmoqda. Bunga javoban Deraa aholisi Isroil qo‘shinlariga ogohlantirish berdi:
"Xavfsizligingiz uchun kirish taqiqlanadi. Biz o‘z yerimizni bor kuchimiz bilan himoya qilamiz".
Suriyada 2024 yilda Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan so‘ng, Isroil 1974 yildagi Kuchlarni ajratish to‘g‘risidagi bitimni buzgan holda Deraa va Qunaytraning bosib olingan hududlarida harbiy postlar o‘rnatdi. O‘shandan beri u yerda 50 dan ortiq kishi qo‘lga olingan.