AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining maxfiy tahlilida Isroildagi chuqur siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy ziddiyatlar ichki beqarorlik, fuqarolik mojarosi va hatto davlat parchalanishi xavfini kuchaytirishi mumkinligi qayd etilgan. Bu haqda Drop Site News nashri hujjat mazmunidan xabardor bo‘lgan ikki amerikalik manbaga tayanib xabar berdi.
«Ichkaridan bo‘linish» deb nomlangan tahlil avgust oyida AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining Red Cell bo‘linmasi tomonidan tayyorlangani aytilmoqda. Ushbu bo‘linma razvedkaning mavjud qarashlari va ehtimoliy ssenariylarini tanqidiy nuqtai nazardan qayta ko‘rib chiqish bilan shug‘ullanadi.
Hujjatda asosiy xavf omillari sifatida iqtisodiy bosim, harbiy xarajatlarning ortishi, majburiy harbiy xizmat atrofidagi ziddiyatlar hamda bosib olingan G‘arbiy sohildagi izraillik ko‘chmanchilar zo‘ravonligi tilga olingan.
Shuningdek, Binyamin Netanyahuning hokimiyatda qolishga intilishi siyosiy va konstitusiyaviy keskinlikning manbalaridan biri sifatida ko‘rsatilgan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo, Livan va Erondagi uzoq davom etgan harbiy harakatlar ham Isroil jamiyatidagi mavjud qarama-qarshiliklarni chuqurlashtirgan. Xususan, uzoq muddat jangovar harakatlarda qatnashgan harbiy xizmatchilarning, jumladan og‘ir psixologik jarohatlar bilan qaytishi ham ichki muammolardan biri sifatida qayd etilgan.
Eng keskin masalalardan yana biri — ultraortodoksal yahudiy erkaklarni majburiy harbiy xizmatdan ozod qilish masalasi. Rezervchilarning bir necha bor safarbar etilishi fonida ushbu amaliyotga nisbatan norozilik kuchaygan.
Tahlilda, shuningdek, Isroilning xalqaro maydonda tobora yakkalanib borayotgani va AQShda mamlakatni qo‘llab-quvvatlash darajasi pasayishi ham xavf omillari qatorida keltirilgan.
Biroq mazkur ma’lumotlar faqat Drop Site News nashrining maxfiy hujjat haqidagi xabarlariga asoslangan. AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi hozircha ushbu tahlilning mavjudligi yoki nashrda keltirilgan ma’lumotlarni rasman tasdiqlamagan.