Isroilning G‘azoga uyushtirgan hujumi oqibatida 30 kishi halok bo‘ldi. Bu sulh tuzilganidan keyin qurbonlar soni bo‘yicha eng yirik zarba bo‘ldi.
Bu haqda Associated Press mahalliy tibbiyot muassasalari ma’lumotlariga tayanib xabar bermoqda. Bu raqam Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi tuzilganidan keyingi davrda bir sutkada halok bo‘layotganlarning o‘rtacha sonidan bir necha baravar ko‘p.
Avvalroq G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi 2025 yil 10 oktyabrda kelishuvga erishilganidan 2026 yil 30 yanvargacha bo‘lgan davrda Isroil kuchlarining harakatlari natijasida G‘azo sektorida kamida 520 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan edi.
Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL) matbuot xizmati zarbalarni Falastinning HAMAS va “Islomiy jihod” harakatlari tomonidan sulhning buzilishiga “javob” deb atadi. Bayonotga ko‘ra, bir kun avval sakkiz nafar “jangari” tunnellar tizimi orqali Isroil nazoratidagi Rafah shahrining g‘arbiy hududiga kirib kelgan. G‘azoga berilgan zarbalarning nishonlari HAMAS jangchilari, qurol ombori va ishlab chiqarish joyi hamda ikki raketa uchirish moslamasi bo‘lgan.
Associated Press ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil zarbalari G‘azo shahridagi ko‘p qavatli uyga va Xon Yunisdagi qochqinlarning chodirlar lageriga berilgan.