Isroil hukumati Fransiyani Livan bilan o‘tkaziladigan muzokaralarda ishtirok etishdan bosh tortdi. Muzokaralar kelasi hafta Vashingtonda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bu haqda The Jerusalem Post manbalariga tayanib xabar berdi.
Isroil rasmiylariga ko‘ra, Fransiyaning so‘nggi bir yildagi siyosati uni xolis vositachi sifatida qabul qilishga imkon bermayapti.
«Fransiyaning Isroilning Erondagi harbiy harakatlarini cheklashga qaratilgan tashabbuslari, shuningdek, Livanda “Hizbulloh”ni qurolsizlantirish bo‘yicha amaliy qadamlar tashlashga tayyor emasligi uni adolatli vositachi sifatida ko‘rishga to‘sqinlik qilmoqda», — dedi manba.
Avvalroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hukumatga Livan bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni boshlash topshirig‘ini bergan edi. Unda shialik harakati Hizbullohni qurolsizlantirish masalasi muhokama qilinishi rejalashtirilgan.