Bugun 16 iyun, 2025 yil, dushanba

КИР

Isroil Eronning muzokarachilarini yo‘q qildi — Tramp

Isroil Eronning muzokarachilarini yo‘q qildi — Tramp

AQSh prezidentining ta’kidlashicha, Eronning AQSh bilan yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokara olib borgan yetakchi vakillari Isroilning so‘nggi harbiy zarbalari oqibatida halok bo‘lgan. Tramp buni Isroilning «o‘ta samarali» operasiyasi, deb atadi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron vakillariga qarshi Isroil tomonidan amalga oshirilgan zarbalar haqida o‘z fikrini bildirdi. CNN jurnalisti Dana Bashning aytishicha, u Tramp bilan telefon orqali muloqot qilgan va ushbu hujumlarga munosabatini so‘ragan.

Tramp suhbat davomida Eron yadroviy kelishuvi bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etgan bir qator shaxslar «endi yo‘qligi»ni ma’lum qilgan. U ularni «qat’iy pozisiya tarafdorlari» deb atagan. Jurnalist ularning aynan Isroil hujumlari oqibatida halok bo‘lganini so‘raganida, Tramp «ular na grippdan, na koronavirusdan o‘lgan» deb, ishorali tarzda javob bergan.

13 iyunga o‘tar kechasi Isroil tomonidan Erondagi bir nechta yadroviy va harbiy inshootlar, shuningdek, yuqori lavozimdagi shaxslarga zarba berildi. Hujumda Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) qo‘mondoni Husayn Salomiy, Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari Muhammad Boqiriy, uning ikki o‘rinbosarlari — G‘ulomrizo Mehrobiy va Mehdi Rabboniy, «Hotam ul-Anbiyo» bo‘linmasi boshlig‘i G‘ulomali Rashid va bir necha yadroviy olimlar, jumladan Faridun Abbosiy Davoniy va Ozod Muhammad Mahdiy Tehronchiy halok bo‘lgan. Jami 78 kishi vafot etgan, 320 dan ortiq kishi jarohat olgan.

Shu kuni kechqurun Eron «Chinakam va’da-3» deb nomlangan javob amaliyotini boshlaganini e’lon qildi. Isroilga uch marta raketa zarbalari berilgan. Zarbalar bir necha shaharlarda qayd etilgan, natijada 70 dan ortiq kishi jarohatlangan va to‘rt kishi halok bo‘lgan.

Eron va AQSh o‘rtasidagi muzokaralar aprel oyida qayta boshlangan, umumiy besh raund bo‘lib o‘tgan. Ular asosan Ummonda va bilvosita tarzda o‘tkazilgan. Eron yadroviy qurol yaratishga intilish ayblovlarini rad etmoqda va uranni boyitishdan voz kechish niyati yo‘qligini bildirmoqda.

Kiritildi: 16:22 14.06.2025. O'qildi: 959 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!