Xalqaro suvlarda Ispaniya xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘tkazilgan yirik kokain operasiyasiga Turkiya ham qo‘shildi.
Report xabariga ko‘ra, bu haqda Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Ispaniya tomonidan 13 nafar ekipaj a’zosi qo‘lga olinganidan so‘ng, Istanbul, Mersin, Tekirdag‘, Kodjaeli, Sakarya va Xatay viloyatlarida bir vaqtning o‘zida o‘tkazilgan operasiyalar davomida 7 nafar gumonlanuvchi hibsga olindi.
Eslatib o‘tamiz, 12 yanvar kuni Ispaniya tomonidan ushlangan ekipaj tarkibida 4 nafar Turkiya fuqarosi, 1 serb, 1 vengr va 7 nafar Hindiston fuqarosi bo‘lgan. Atlantika okeanida to‘xtatilgan kemada tuz yuki orasiga yashirilgan taxminan 10 tonna kokain topilgan.