Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches parlament tarqatilib, muddatidan oldin saylovlar 29 noyabr kuni o‘tkazilishini ma’lum qildi. Navbatdagi saylovlar 2027 yilga belgilangan edi.
Bunga parlamentning hukumat uy-joy muammosini hal qilish uchun taklif etgan choralarini rad etgani sabab bo‘ldi. Unda ijara haqini to‘lashda qiynalayotgan va himoyaga muhtoj aholini 2030 yilgacha majburan ko‘chirishni to‘xtatish hamda ayrim ijara shartnomalarini avtomatik uzaytirish taklif qilingan.
Qaror mamlakatda uy-joy masalasi keskinlashgan bir paytga to‘g‘ri keldi. 3 oktyabr kuni Ispaniyaning 50 ga yaqin shahrida arzon uy-joy talab qilingan namoyishlar o‘tkazildi. Madridda hukumat hisob-kitobiga ko‘ra, 70 mingga yaqin, tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra esa 500 ming kishi qatnashgan.
Namoyishlarga 87 yoshli Marikarmen Abaskalning 70 yil yashagan ijara uyidan chiqarilishi ham turtki bo‘lgan. Keyinchalik unga uyda qolishga ruxsat berilgan.
Parlamentdagi ovoz berishda qonun loyihasiga Xalq partiyasi, Vox va Kataloniyaning “Junts per Catalunya” partiyasi qarshi chiqdi. Sanches esa mamlakat kelajagini endi saylovchilar belgilashini aytdi.