Ispaniyaning markaziy hududlarida davom etayotgan yirik o‘rmon yong‘inlari tufayli evakuasiya qilinganlar soni qariyb 70 ming nafarga yetdi.
Hukumat vakili Fransisko Martinning ma’lum qilishicha, so‘nggi 24 soat ichida yana 25 ming kishi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Shuningdek, 20 mingdan ortiq aholiga uylaridan chiqmaslik bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Rasmiylar hozircha halok bo‘lganlar haqida ma’lumot yo‘qligini bildirmoqda.
Ispaniya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, evakuasiya qilinganlarning asosiy qismi Madrid atrofidagi hududlar va Avila viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi. Vazirlik yong‘in xavfi yuqori bo‘lgan shahar va qishloqlar uchun doimiy ravishda evakuasiya haqida ogohlantirishlar bermoqda.
Madrid mintaqasida milliy favqulodda holat e’lon qilingan.
Ma’lum qilinishicha, Fransiyada ham iyun oyi boshlarida g‘ayritabiiy issiq havo oqibatida o‘rmon yong‘inlari boshlangan edi. Iyul o‘rtalaridan esa shunga o‘xshash vaziyat Ispaniyada ham kuzatildi. Har ikki mamlakatda yong‘inlar sababli 260 mingdan ortiq kishi xavfsiz hududlarga evakuasiya qilingan.
Ispaniya davlat meteorologiya agentligi (AEMET) mamlakat materik qismi va Balear orollarida yong‘in xavfi yuqoriligicha saqlanib qolayotganini ma’lum qildi.