Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Islom olamining «Yaponiya»si

Islom olamining «Yaponiya»si

Malayziya davlati janubi-sharqiy Osiyoda joylashgan. Yer maydoni 330-343 km, poytaxti Kualampur shahri. Aholisi 24385858 nafar (2006 y). Aholining 60 foizga yaqini musulmon, Malayziya islom olamining “Yaponiya”si hisoblanadi.

Malayziya dunyoda iqtisodi bo‘yicha o‘n sakkizinchi o‘rinda turadi. Yalpi ichki mahsulot 308,8 milliard dollar, u yiliga 5,5 foiz o‘sib bormoqda. Eksportining 79 foizi ishlab chiqarish mahsulotlarini tashkil qiladi, ishsizlik 3,6 foizni tashkil etadi.

Aholining o‘n besh yoshidan kattalarining 11,3 foizi savodsiz, bu raqam yildan yilga kamayib bormoqda. 15-24 yosh ayollarning 97,3  foizi o‘qish-yozishni biladi, demak, Malayziya yosh onalari “o‘qimishli onalar” hisoblanadi.

Hukumat yillik xarajatining 28  foizini ta’limga sarflaydi. Har ming Malayziyalikdan 397 nafari internet tarmog‘idan foydalanadi. Har million kishidan 299 nafari ilmiy ish bilan shug‘ullanadi (Taqrirut tanmiya al-bashariya 2006 ).

Malayziya 1957 yilgacha bir necha davlat mustamlakasi bo‘lgan. Mustaqillikka erishganidan keyin deyarli hech qanday tabiiy boyligi bo‘lmagan davlat aholisining yarmi kambag‘al edi. Aholining bir qismi dehqonchilik bilan, bir qismi ovchilik bilan kun kechirgan.

Malayziya 1980 yilgacha o‘sishga erishmadi. 1981 yilda Maxatxir Muhammad bosh vazir bo‘lgach, mamlakat taraqqiyot sari yuz tutdi. Avvalo, ta’limga e’tibor berib, farqli o‘laroq maktabgacha bo‘lgan tizim isloh etildi.

Bog‘cha bolalariga vatanni sevish, maktabda o‘qish bilan faxrlanish kabi tuyg‘ular singdirildi. Kollejlarda birinchi kursdanaoq aniq fanlar bilan birga kasb-hunar ham o‘qitila boshlandi. Shu bilan birga kasb-hunar markazlari ham ochilib, unda amaliyotga uyg‘un tarzda dars o‘tildi.

1996 yilga kelib har bir maktabda kompyuter bor edi. 1999 yilda 90 foiz maktablar internet tarmog‘iga ulandi, sinfxonalarning 45 foizi kompyuterlashtirildi. Iqtidorli talabalar alohida sinflarda o‘qitila boshlandi.

Malayziya hukumati ta’lim uchun mablag‘ni ayamadi. 1996 yilda 2,9 milliard dollar sifatli ta’limga yo‘naltirildi. Bu hukumat yillik xarajatining 21,7 foizini tashkil qilardi. 2000 yilga borib, bu ko‘rsatkich 3,7 milliardga yetdi.

Bu mablag‘lar maktab va labaratoriya qurishga, talabalarga stipendiyalar berish uchun sarflandi, O‘quv muassasalari tijorat shirkatlari bilan hamkorlik qiladi, zavod-fabrikalar oliy o‘quv yurt aspirantlari bilan shartnomalar imzoladi (Muhammad Sharif Bashir “Mavqi’u islam onlayn”).

Malayziya hukumati ayollar ta’limiga ham e’tibor berdi. Qizlarini o‘qitishga qiynalgan oilalarga foizsiz kredit berildi. Hukumatning bu sa’y-harakatlari zoye ketmadi. 1990-yillar oxiriga kelib, islohotlar o‘z samarasini bera boshladi.

Mamlakatda 15000 dan ortiq ishlab chiqarish muassasalari faoliyat olib borgan. Ularning umumiy qiymati 220 milliard dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, shundan 54 foizi chet el kompaniyalariga, 46 foizi mahalliy hukumat va xususiy shirkatlar ulushiga to‘g‘ri kelgan.

Bu ishlab chiqarish Malayziya xalqiga sezilarli ta’sir o‘tkazdi. Mahalliy sanoat rivojlandi, soha mutaxassislari soni ortdi, 5000 dan ortiq xorijiy kompaniyalar sarmoya olib kirildi. O‘z navbatida hukumat ham qulay sharoit yaratib berdi, ularning mulki talon-taroj bo‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymadi.

Malayziya ayni kunlarda yangi poytaxt – Putrajaya shahrini barpo etmoqda. Dunyoning eng katta texnologiya shirkatlari shu shaharda joylashgan. Malayziya, shunday qilib, dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rnini topdi. Har bir musulmon bu kichkina davlat qanday qilib qiyinchiliklarni yengib, dunyoning rivojlangan davlatlariga qo‘shilib olganiga e’tibor qilsin.

Manba: azon.uz

Kiritildi: 07:30 15.10.2019. O'qildi: 3620 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!