Iroq bugun Yaqin Sharqdagi eng murakkab davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakat aholisining asosiy qismini arab-shialar tashkil qiladi. Shuningdek, arab-sunniylar va kurdlar ham davlat siyosatining asosiy ishtirokchilari hisoblanadi. Mamlakatdagi siyosiy tizim aynan shu uch kuch o‘rtasidagi muvozanatga qurilgan.
Iroqda hokimiyat “muxasasa” deb ataluvchi norasmiy kvota tizimi asosida taqsimlanadi. Unga ko‘ra bosh vazir doimo shialardan, parlament spikeri sunniylardan, prezident esa kurdlardan bo‘ladi. Bu tizim Saddam Husayn ag‘darilganidan keyin mamlakatni parchalanishdan saqlab qolish uchun joriy qilingan.
Ammo amalda bu tizim davlatni kuchaytirish o‘rniga partiyalar va klanlar o‘rtasidagi savdolashuv mexanizmiga aylangan. Vazirliklar va davlat idoralari muayyan partiyalar nazoratiga o‘tib ketgani sabab korrupsiya, tanish-bilishchilik va resurslar uchun kurash kuchaygan.