Makka shahrida Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdulaziz, Kuvayt amiri Saboh Ahmad al Jobir as-Saboh, BAA prezidenti o‘rinbosari Muhammad bin Rashid al-Maktum hamda Iordaniya qiroli Abdulloh II ishtirokida sammit bo‘lib o‘tdi. Bu haqda SPA agentligi xabar bermoqda.
Sammitning asosiy maqsadi Iordaniyada davom etayotgan iqtisodiy inqirozdan chiqish yo‘llarini axtarish bo‘ldi.
Anjuman nihoyasida Iordaniyaga 2,5 milliard dollar yordam ko‘rsatish haqida qaror qabul qilindi. Qirol Abdulloh II har uch davlatga ko‘mak uchun minnatdorchilik bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan dushanbada Iordaniya bosh vaziri Xani al-Mulkiy daromad solig‘i oshirilishiga qarshi bo‘lib o‘tgan bir necha kunlik norozilik namoyishlaridan keyin iste’fo berdi.
Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, damromad solig‘ini jismoniy shaxslar uchun kamida 5 foizga, yuridik shaxslar uchun esa 20-40 foizga oshirish taklif qilinayotgan edi.
Manba: azon.uz