Poytaxtimizda Osiyo-Tinch okeani mintaqasida yuqori darajali milliy domenlar assosiasiyasining (APLTD) 20 yillik yubiley anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda 40 dan ortiq xorijiy davlatlarning vakillari, global tarmoqning yangi ko‘rsatkichlari va protokollarini ishlab chiqish va amalga oshirishda bevosita qatnashuvchi internet mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad global tarmoqning yangi imkoniyatlari, xavfsizlik texnologiyalari haqida internet tizimi mutaxassislarining o‘zaro tajriba almashinuvini tashkil qilishdan iborat.
Osiyo-Tinch okeani mintaqasi yuqori daraja domenlar uyushmasi internet tarmog‘ini rivojlantirishni muvofiqlashtiruvchi murakkab mintaqaviy va global tizimga ega bo‘lgan asosiy tashkilotlardan. U texnologik va operasion masalalar bo‘yicha tajriba almashish platformasi hisoblanadi. Bugungi kunda mazkur uyushma domen nomlarini boshqarish bo‘yicha xalqaro tamoyillarni ishlab chiqishda faol ishtirok etmoqda. Tashkilot 1998 yilda tashkil topgan, 2003 yilda Malayziyada o‘zining bosh shtabiga ega bo‘ldi. "Uz" milliy domen zonasi ma’muriyati “Uzinfocom” kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi 2017 yilda APLTD a’zosiga aylandi.
Assosiasiya a’zoligiga kirish mamlakatimizda internet tarmog‘ini rivojlantirishni boshqarish bo‘yicha global darajadagi muloqotda ishtirok etish, xalqaro kun tartibiga axborot xavfsizligi, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, elektron hukumat va onlayn-biznesni rivojlantirishni rag‘batlantirish singari muhim muammolar bo‘yicha ilg‘or tajriba va yondashuvlarni ishlab chiqish singari yangi strategik imkoniyatlar eshigini ochadi.
Tadbirda internet infratuzilmasi va ularni boshqarish siyosatini rivojlantirishning dolzarb masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Manba: uza.uz