Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani XTB tomonidan 24-27-dekabr kunlari Ochiq darslar haftaligi deya e’lon qilindi. Bu e’lon tumanda faoliyat yuritayotgan, qog‘ozbozliklardan charchab, o‘z iqtidorini namoyish etishni istagan ijodkor o‘qituvchilar uchun katta imkoniyat bo‘lsa, maktab o‘quvchilari uchun ulkan bayram vazifasini o‘tadi.
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 248-maktab jamoasi ham bu xabarni xush kayfiyat bilan kutib oldi. Ko‘plab ochiq darslar tashkil etilib, ota-onalar ham taklif etildi.

Kuni kecha shu maktabning matematika fani o‘qituvchisi, izlanuvchan ustoz Karimova Rohila tomonidan 7-D sinfda geometriya fanidan o‘tkazilgan ochiq dars eng yaxshi darslardan biri, deya e’tirof etildi.

Bu haqida 248-maktabning tajribali direktori Ismoilova Zohida opa shunday dedi: Darsda shaxsan o‘zim ishtirok etdim. Tanlangan mavzu ham qiziqarli bo‘lib, u Uchburchaklar haqida teoremalarga doir masalalar , deya nomlangan. Dars to‘g‘ri tashkil etilgan. Axborot-kommunikasion texnologiyalardan unumli foydalanilgan. Tarqatma materiallar o‘quvchi yoshiga va dars mavzusiga to‘g‘ri keladi. O‘quvchilar juda ham faol. Menga, ayniqsa, faol o‘quvchilarningo‘z-o‘zini baholashi va rag‘batlantirilishi yoqdi. Bu kabi tanlovlar ko‘payaversin. Ijodkor o‘qituvchilarimizga omad tilab qolaman .

Mirzo Ulug‘bek XTB tomonidan ko‘plab ajoyib tashabbuslar ko‘tarilmoqda. Allomalar haftaligi doirasida o‘quvchilar va o‘qituvchilar buyuk ajdodlarimiz hayoti va ijodidan yetarlicha bilimga ega bo‘lib bormoqdalar.

Bu kabi tashabbuslar ustozlarning o‘z ustida ishlashiga, pirovardida, bilimlarini mustahkamlab, o‘ziga bo‘lgan ishonch tuyg‘usini oshishida, ota-onalar oldida ham ustoz qadrining yuksalishiga xizmat qilmoqda.
Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani 248-maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Feruza Salxodjayeva.