Bugun 28 noyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Hushxabar – ajdodlar qoldirgan vaqf yurtga qaytarilmoqda

A A A
Hushxabar – ajdodlar qoldirgan vaqf yurtga qaytarilmoqda

Taqdir taqozosi tufayli o‘tgan asrning 20-30-yillarida o‘zbek millati vakillaridan minglab kishilar xorijiy mamlakatlarga, jumladan, Saudiya Arabistoniga chiqib ketishga majbur bo‘lgan.

Ular Saudiyaning Makka, Madina, Toif shaharlarda ta’lim, tijorat va boshqa muhim jabhalarda faoliyat yuritib, katta hurmatga sazovor bo‘lishgan. Jumladan, Makka va Madinadagi ikki haram – Masjid ul-Harom va rasululloh masjidlari atrofida ko‘plab yerlarni sotib olib, vaqf sifatida avlodlarga qoldirgan. Vaqf bu, diniy atama bo‘lib, islom yo‘lida foydalanilishi yoki sarflanishi uchun ajratilgan har qanday mulkdir. U asrlar osha qiyomat kuni qadar hech kimning mulkiga aylantirilmay, faqat haqdorlar tamonidan ezgulik yo‘lida tasarruf etiladi. Sizga ma’lum qilmoqchi bo‘lganimiz esa bugina emas, gap shundaki, Makka va Madina shahrlarida ajdodlarimiz ya’ni, Saudiyadagi vatandoshlarimiz tomonidan vaqf qilingan 300 dan ziyod imoratlar, binolar, madrasa-yu masjidlar faoliyat yuritmoqda.

Oldinroq xabar qilinganidek, Mustaqillik bayrami arafasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari, “Haj-2018“ mavsumining ishchi guruh rahbari Nuriymon Abulhasan O‘zbekistonning Jidda shahridagi konsulligi va Saudiya universitetlarida ta’lim olayotgan talabalar bilan hamkorlikda ajdodlarimizning ma’naviy – ilmiy merosini yurtimizga qaytarish bo‘yicha ko‘plab dasturlar ishlab chiqib, amaliy choralar olib borayotgan edi. Ushbu dastur va loyihalarning natijasi o‘laroq nafaqat ilmiy merosni yurtga qaytarish balki ajdodlarimiz yurtimiz uchun vaqf qilgan mulklarni ham haqdorlarga tasarruf etish bo‘yicha muzokaralar tashkil etildi. Jumladan, kuni kecha Nuriymon Abulhasan Jidda shahrida Mavarounnahr vaqflari qo‘mitasi raisi doktor Habib Mirza Buxoriy va ushbu qo‘mita raisi o‘rinbosari Muhammad Amin Mirza Buxoriy bilan uchrashib, ajdodlarimiz tomonidan qoldirilgan vaqflarni ularga eng haqli bo‘lgan avlodlar – O‘zbekiston fuqarolari uchun sarflanishi masalasida yakuniy kelishuvga erishdi.

Muzokalar davomida doktor Habib O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, diniy yo‘nalishdagi ijobiy qadamlarni yuqori baholab, ajdodlarimiz vaqflaridan tushayotgan daromadlarni o‘z egalari ya’ni, O‘zbekistondan haj ziyorati uchun keladigan yurtdoshlarimiz uchun sarflanishi kerakligini va vaqflarni qoldirganlar vasiyatlari taqozosi aynan adolatning talabi ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Kelishuvlarga ko‘ra Saudiya Arabistoni Vaqflar qo‘mitasi uch oy ichida keyingi haj mavsumigacha bo‘ladigan daromadlarni hisoblab, ziyoratchilarimiz uchun qancha pul ajratilishini o‘rganib chiqadi. Rejaga muvofiq kelasi haj mavsumida vaqflar daromadidan 3000 ga yaqin o‘zbekistonlik hojilarning Makka shahridagi mehmonxonalar puli to‘lab beriladi. Bu degani, endi yurtimizning 3000 ziyoratchisi uchun arzon haj to‘lovlari dasturi ishlab chiqiladi.

“Haj-2018“ mavsumining ishchi guruh rahbari Nuriymon Abulhasan: “Bu yangilik, shubhasiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshlagan islohotlarning natijasi, ularning qutlug‘ qadami samarasidir. Shu paytgacha mazkur vaqflar daromadi qo‘shni davlatlar fuqarolari uchun sarflangan. Endi esa bu meros Mustaqillik bayrami tuhfasi o‘laroq uning asl haqdorlari bo‘lgan xalqimizga yo‘naltiriladi”.

Nuriymon Abulhasan ta’kidlashicha, o‘tkazilgan muzokaralar istiqbolda yana-da ulkan samara berishi, Saudiya Arabistoni Vaqf qo‘mitasi tadrijiy ravishda to‘lovlarni ko‘paytirib borib, yaqin kelajakda barcha hojilarimizning Makka shahridagi shinam va zamonaviy mehmonxonalarda bepul turishlarini ta’minlaymiz.

O‘zbekiston uchun nihoyatda manfaatli va o‘z vaqtida tashkil etilgan mazkur uchrashuv so‘nggida Nuriymon Abulhasan Mavarounnahr vaqflar qo‘mitasi a’zolarini, xususan, qo‘mita raisi doktor Habib Mirza Buxoriyni O‘zbekistonga taklif qildi.

Endi yurtdoshlarimiz uchun Makkai mukarrama va Madinai munavvara shaharlarini ziyorat qilish ko‘lami yana-da kengayadi. Bir so‘z bilan aytganda, yaqin kelajakda vatan sog‘inchi ila dorul baqoga rihlat qilgan ajdodlarimizning armonlari, ezgu niyatlari ushaladi. Ular tomonidan Vatan uchun, deb vasila qilgan meroslari uning chinakam haqdorlari ya’ni, xalqimizga qaytariladi.

Manba: asr.uz

Kiritildi: 22:41 03.09.2018. O'qildi: 1621 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik