Angliya Premyer-ligasining 3-turida "Manchester Siti" o‘z maydonida "Koventri"ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. O‘zbekiston milliy jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov uchrashuvni asosiy tarkibda boshlab, yakuniga qadar maydonda harakat qildi.
Hamyurtimiz bahs davomida to‘p bilan 91 marta muomala qildi. U 79 ta uzatmadan 75 tasini sheriklariga aniq yetkazib berdi. Bu 95 foizlik aniqlikni tashkil etdi. Sofascore Husanovning uchrashuvdagi harakatlarini 7,0 ball bilan baholadi.
Himoyada ham Abduqodir faollik ko‘rsatdi. U 5 ta himoyaviy harakatni amalga oshirib, 3 marta to‘pni xavfli hududdan uzoqlashtirdi, bir marta raqib zarbasiga blok qo‘ydi va 4 marta to‘pni qaytarib oldi. Shuningdek, himoyachi havodagi har ikki kurashda g‘olib chiqdi. Yerdagi 5 ta yakkakurashning 2 tasida ustun keldi.
Husanov uchrashuv oxirida — 90+5-daqiqada qoidabuzarlik uchun sariq kartochka oldi.
"Manchester Siti"ning g‘alabasida Janluiji Donnarumma ham muhim rol o‘ynadi. Uchta seyv qayd etgan italiyalik darvozabon Sofascore talqiniga ko‘ra 8,8 ball bilan bahsning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. Elliot Anderson 8,6, yagona gol muallifi Erling Holand esa 8,5 ball oldi.
Ushbu natijadan keyin "Manchester Siti" uchta uchrashuvda maksimal 9 ochko jamg‘arib, Premyer-liga turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda.